“O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati tomonidan konlarda tabiiy gaz qazib chiqarishni ko‘paytirish, uglevodorodlar zaxirasini oshirish maqsadida amalga oshirilgan keng ko‘lamli o‘zlashtirish ishlari natijasida Mo‘ynoq tumanida qayta ta’mirlangan quduqdan o‘rtacha kunlik 144 ming kub metr sanoat miqyosida tabiiy gaz va 1,5 tonna gaz kondensati qazib chiqarilmoqda.

Jumladan, quduqlarda kapital ta’mirlash ishlarini bajarish barobarida, yangi quduqlar burg‘ilanib, tugatilgan quduqlar majmuasida turganlari qayta ta’mirlanib ishga qo‘shilmoqda.

“O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, Ustyurt gaz qazib chiqarish boshqarmasiga qarashli “Sharqiy Berdaq” konidagi 35-sonli quduqda olib borilgan kapital ta’mirlash ishlari ham muvaffaqiyatli yakunlandi. “O‘zneftgazquduqta’mirlash” aksiyadorlik jamiyati mutaxassislari tomonidan quduqning 1857-1852, 1815-1813 metrlar oralig‘ida perforatsiya ishlari olib borildi.

Ma’lumot uchun:  “Sharqiy Berdaq” gazkondensat koni Qoraqalpog‘iston Respublikasining Mo‘ynoq tumanida joylashgan bo‘lib, 2022 yil ishga tushirilgan.

O‘zA