Toshkent shahridagi Yashnobod tumani «Ishga marhamat» mono-markazida Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi tomonidan «O‘zbekiston Respublikasi aholisini ijtimoiy himoya qilish strategiyasining ahamiyati, bu borada amalga oshirilayotgan ishlar tahlili va istiqboldagi vazifalar» mavzusida seminar o‘tkazildi.
Unda deputatlar, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi va vazirlik huzuridagi Kambag‘allikni qisqartirish departamenti, Respublika tibbiy ijtimoiy ekspertiza inspeksiyasi, hokim yordamchilari ishtirok etdi.
— Yurtimizda aholini ijtimoiy himoya qilish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda, — dedi qo‘mita raisi Mavluda Xo‘jayeva. —Prezidentimizning «O‘zbekiston Respublikasi aholisini ijtimoiy himoya qilish strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida»gi farmonida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash borasida ham ishlar olib borilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi aholisini ijtimoiy himoya qilish strategiyasida kam ta’minlangan oilalarni ijtimoiy yordam dasturi bilan qamrab olish darajasi 58,8 foizdan 98,1 foizga yetkazish, kambag‘allik darajasini 17 foizdan 5 foizga qisqartirish, aholining mehnat bozorida ko‘rsatiladigan xizmatlar bilan qamrab olinganligini 64,2 foizdan 70 foizga oshirish, ishsizlik nafaqasini oluvchi ishsizlar ulushini 5,7 dan 7 foizga oshirish kabi 10 ta maqsadli ko‘rsatkichlar belgilangan.
Ushbu maqsadlar doirasida 2022 yilda ishlar amalga oshirilgan ishlar natijasida kambag‘allik darajasi 2022 yildagi 17 foizdan 2023 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra, 14,1 foizga tushdi.
Shuningdek, seminarda ijtimoiy himoya turlaridan foydalanish imkoniyatini sohani raqamlashtirish hisobiga kengaytirish masalalariga e’tibor qaratildi. Ushbu jarayonga ochiqlik va shaffoflik tamoyillarini joriy qilish maqsadida «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» axborot tizimi joriy qilingani ta’kidlandi. Xususan, 2022 yilda «Ijtimoiy himoya yagona reyestri»ga 2,3 million oila kiritilgan bo‘lib, 2,2 million kam ta’minlangan oilalarga bolalar nafaqasi hamda 74,8 ming kam ta’minlangan oilalarga moddiy yordam sifatida jami 11,4 trillion so‘m mablag‘lar to‘lab berilgan.
Seminarda aholi bandligini ta’minlash, ishsiz fuqarolarni kasbga o‘rgatish borasida 2022 yilda «Ishga marhamat» monomarkazlari soni 23 taga, mahalla kasb-hunarga o‘qitish maskanlari soni 489 taga yetkazilgani ta’kidlandi. Mazkur ta’lim muassasalarida 140 ming ishsizlar kasb-hunarga o‘qitilib, imkoniyati cheklangan shaxslar bandligini ta’minlash maqsadida alohida Milliy dastur ishlab chiqilgan holda, 15 ming nogironligi bo‘lgan fuqarolarning bandligiga ko‘maklashildi.
Seminarda so‘z olgan deputatlar aholini ijtimoiy himoya qilish va bandlik sohasi bo‘yicha olib borilayotgan ishlar ustidan deputatlik nazoratini yanada kuchaytirish, dastur ijrosini har oy yakuni bo‘yicha tuman, shahar hokimliklari qoshidagi doimiy ishchi komissiya yig‘ilishlarida muhokama qilib, mavjud muammo va kamchiliklarni o‘z vaqtida bartaraf etish yuzasidan Qonunchilik palatasi hamda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi bilan hamkorlikni yanada kuchaytirish lozimligini ta’kidladilar.
M.Komilova,
O‘zA