Ma’lumki, 2023 yil 1 yanvardan boshlab qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) bo‘yicha soliq stavkasi 15 foizdan 12 foizga pasaytirildi. Soliq siyosatidagi bu eng muhim o‘zgarish va imtiyoz natijasida tadbirkorlarning ixtiyorida 13 trillion so‘m miqdorda mablag‘ qolib, undan o‘z faoliyatlarini yanada kengaytirishda foydalanish imkoniyati yaratildi. Shuningdek, qoplanadigan (qaytariladigan) QQS summasining asosliligi yuzasidan kameral soliq tekshiruvini o‘tkazish muddatlari 60 kundan 30 kunga qisqartirildi.

Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Byudjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasi yig‘ilishida qayd etildi. Unda Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Jahongir Abdiyev “Qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchilarini maxsus ro‘yxatdan o‘tkazish, ularga guvohnoma berish, guvohnomalarning amal qilishini to‘xtatib turish va bekor qilish tartibi yuzasidan” axborot berdi.

— Mamlakatimizda soliq tizimini takomillashtirish va soddalashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash hamda aholi turmush farovonligini yanada yuksaltirishda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda. — dedi Jahongir Abdiyev. — Yirik soliq to‘lovchilar bo‘yicha hududlararo davlat soliq inspeksiyasida hisobda turadigan soliq to‘lovchilarga tovarlarni import qilish chog‘ida QQS to‘lovi hisobiga byudjetdan qoplanishi lozim bo‘lgan QQS summalarini o‘zaro hisobga olish huquqi berildi. QQSni o‘zaro hisobga olish soliq va bojxona organlari tomonidan avtomatik rejimda amalga oshiriladi.

Yig‘ilishda QQS to‘lovchilarini soliq organlarida maxsus ro‘yxatdan o‘tkazishni soliq xavfini baholash asosida amalga oshirish tartibi bo‘yicha ham axborot berildi.

Ta’kidlanganidek, QQS to‘lovchilardan 2022 yilda 27  ming 554 ta ariza kelib tushgan bo‘lsa, ulardan 22 ming 554 tasi ro‘yxatdan o‘tkazilgan.

Deputatlar QQS bo‘yicha maxsus ro‘yxatdan o‘tkazishda soliq to‘lovchilarning xavf darajasi inson omili ishtirokisiz avtomatik dasturlar orqali aniqlanganda arizalar ko‘rib chiqilishi, maxsus ro‘yxatdan o‘tganlik to‘g‘risidagi guvohnoma avtomatik tarzda berilishiga oid fikrlarini bildirdi.

Shuningdek, 2021-2022 yillarda QQS to‘lovchilarni soliq organlarida hisobga qo‘yish, ularga maxsus guvohnoma berish, uning amal qilishini to‘xtatib turish, tugatish yoki bekor qilish tartibi bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida, shubhali operatsiyalar natijasida to‘xtatilgan yoki bekor qilingan QQS to‘lovchilarining guvohnomalari holati, QQS to‘lovchilarini maxsus ro‘yxatdan o‘tkazish, ularga guvohnoma berish, guvohnomalarning amal qilishini to‘xtatib turish va bekor qilishdagi mavjud muammolar va ularni bartaraf etish bo‘yicha amalga oshiralayotgan ishlar bo‘yicha savollar berdi.

 

Muhtarama Komilova,  

O‘zA