O‘tayotgan haftada mamlakatimiz sportchilari bir qator xalqaro musobaqalarda mamlakatimiz sharafini himoya qilmoqda.
Yengil atletikachilarimiz Qozog‘istonning Ostona shahrida har ikki yilda bir marta tashkil etiladigan yopiq inshootlardagi Osiyo chempionatida medallar uchun kurash olib borayotgan bo‘lsa, bokschilarimiz Vengriyadagi xalqaro turnirda, ot sporti vakillari Germaniyada CSI2* musobaqasida, “Parij – 2024” Olimpiadasiga hozirlik ko‘rayotgan futbol bo‘yicha ayollar terma jamoasi a’zolari “Turkish Womenʼs Cup – Alanya 2023” bahslarida qatnashishga tayyorlanmoqda.
Voroninaning oltin medali
Bevosita musobaqalar tafsilotiga to‘xtaladigan bo‘lsak, yengil atletikachilarimiz o‘ninchi marta o‘tayotgan qit’a chempionatining ilk kungi musobaqalarini muvaffaqiyatli o‘tkazdi.
Sport malikasining beshkurash yo‘nalishidagi dastlabki bahslarida hamyurtimiz Yekaterina Voronina 2711 ochko bilan peshqadamlikka erishdi. Yengil atletikachimiz peshqadamlikni so‘nggi daqiqalargacha saqlab qoldi va dasturning uchta bosqichida 4386 ochko to‘plab, chempionatning oltin medaliga sazovor bo‘ldi. Voroninadan keyingi o‘rinlar hindistonlik Svapna Barnan(4119) va Yaponiya vakilasi Yuki Yamasaki(4078)ga nasib etdi.
Chempionatning saralashidan muvaffaqiyatli o‘tgan sportchilarimiz Laylo Allaberganova va Farida Soliyeva bugun 400 metrga yugurish dasturida medallar uchun kurash olib boradi.
Uzunlikka sakrash dasturida Anvar Anvarov 7.65 metr natija bilan final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Final bahslari ertaga, 12 fevral kuni bo‘lib o‘tadi.
Aytish lozim, Ostonada o‘tayotgan qit’a birinchiligida 30 dan oshiq mamlakatdan 500 nafarga yaqin yengil atletikachi 26 ta yo‘nalishda sovrinli o‘rinlar uchun kurash olib bormoqda.
Yevropa vakillarini dog‘da qoldirgan o‘zbek chavandozi
Germaniyada ot sportining konkur yo‘nalishida o‘tkazilgan nufuzli turnirda O‘zbekiston yilqichilik va ot sporti federatsiyasi raisi Bahromjon Gaziyev 130 sm balandlikdagi to‘siqlardan sakrash dasturida Fransiya, Polsha, Shvetsiya va Germaniyaning mahoratli sportchilarini dog‘da qoldirib oltin medalni qo‘lga kiritganligi o‘ziga xos shov-shuvga sabab bo‘ldi.
Hamyurtimiz “Ledi” laqabli tulporda 38 nafar ishtirokchi orasida eng yaxshi natijani qayd etdi.
Terma jamoamiz a’zolaridan Nurjon Tuyoqboyev 145 sm balandlikni tashkil etgan to‘siqlardan sakrash bahslarida “Lansellota” nomli tulporda 68 nafar chavandoz orasida 8-pog‘onadan joy oldi.
3 ta bronza naqd, 3 ta oltin-chi?
Bugun, 11 fevral kuni Vengriyaning Debretsen shahrida boks bo‘yicha davom etayotgan xalqaro turnirning so‘nggi – final janglari tashkil etiladi.
Ortda qolgan saralash va yarim final janglaridan keyin O‘zbekiston terma jamoasining 3 nafpr a’zosi oltin medallar uchun kurashni davom ettiradigan bo‘ldi.
Kecha o‘tkazilgan yarim final bahslari yakuniga ko‘ra, terma jamoamiz azolaridan Samandar Xolmurodov, Rahmatillo Boymatov va Aydos Tagaybayev turnirning bronza medallari bilan kifoyalangan bo‘lsa, Ziyovuddin Alijonov,Oybek Jo‘rayev, To‘rabek Xabibullayev oltin medallar uchun jangni davom ettiradi.
Tajriba va mahorat “Parij – 2024” uchun kurashda asqotarmikan?
“Parij – 2024” Olimpiada o‘yinlari saralash bosqichiga tayyorgarlik ko‘rayotgan futbol bo‘yicha O‘zbekiston ayollar terma jamoasi a’zolari bugun, 11 fevraldan Turkiyada o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlariga kirishadi.
Futbolchi qizlarimiz 15-21-fevral kunlari bo‘ladigan “Turkish Womenʼs Cup –Alanya 2023” turnirida Sloveniya, Janubiy Afrika va Zambiya ayollar terma jamoalari bilan kuch sinashadi.
Mazkur turnirda natijalar qay ko‘rinishida bo‘lishidan qat’i nazar, unda tuplangan tajriba, olingan mahorat “Parij – 2024” Olimpiadasi yo‘lidagi kurashlarda asqotsa bas.
To‘lqin RO‘ZIEV,
O‘zA