Tunisda para yengil atletika bo‘yicha bir hafta davom etgan xalqaro Gran-pri musobaqasida mamlakatimizning matonatli sportchilari 14 ta medallar shodasini qo‘lga kiritdi.

“Parij-2024” yozgi Paralimpiya o‘yinlarining muhim reyting ochkolarini taqdim etgan nufuzli musobaqada O‘zbekiston sportchilari 6 ta oltin, 7 ta kumush va 1 ta bronza medaliga musharraf bo‘lib, umumjamoada Tunis va Iroq jamoalaridan keyin 3-o‘rinni egalladi.

Xalqaro turnir musobaqalarida 30 ta davlat terma jamoalari ishtirok etib, shundan 15 tasi Gran-pri bashlarining u yoki bu darajadagi sovrinli o‘rinlaridan joy oldi.

Murosasiz bahslarda matonatli va irodali para yengil atletikachilarimizdan Jasur Xodjayev, Mansur Abdurashidov, Omadbek Hasanov, Dilnoza Mirahmatova, Qudratulloxon Marufxo‘jayev, Jamoliddin Akobirov, Elbek Sultonov, Temurbek Giyazov, Mahliyo Akromova, Sarvar Azimov kabi sportchilarimiz g‘olib va sovrindor bo‘lishdi va “Parij-2024” uchun muhim reyting ochkolarini jamg‘ardi.

Tunis musobaqalarida “Parij-2024” Paralimpiya o‘yinlari reyting ochkolarini qo‘lga kiritgan mahoratli para sportchilarimiz bugun erta tongda Toshkentga qaytib kelishdi.

 

T.Ro‘ziyev,  

O‘zA