Futbol bo‘yicha jahon chempionati ishtirokchisi, Yevropaning bir qator nomdor klublarida to‘p tepgan, Xorvatiya milliy terma jamoasida murabbiy bo‘lib faoliyat yuritgan Alyosha Asanovich O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasida texnik direktor sifatida ish boshlashi mumkin. Bu haqda O‘FA matbuot xizmati xabar tarqatdi.

Xabarda aytilishicha, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasida Xorvatiya futboli faxriysi, O‘FA texnik direktorligiga nomzod Alyosha Asanovich va FIFA texnik konsultanti Gayoz Darsadze bilan uchrashuv tashkil etildi. Muloqot davomida futbol kundan kunga rivojlanib borayotgani, murabbiylik, boshqaruv tizimidagi zamonaviy tendensiyalarni jamoalarga tatbiq etish davr talabi ekanligi ta’kidlandi.

Darhaqiqat, futbol akademiyalaridagi ta’lim va mashg‘ulotlar bevosita texnik direktorlar nazoratida bo‘lib, barcha jarayonlarni tashkil etishda bu mutaxassislarning bilim va saviyasi muhim ahamiyatga ega. FIFA texnik konsultanti Gayoz Darsadze ham O‘zbekistonda bu yo‘nalish bo‘yicha bir qancha loyihalar ishga tushirilganini aytib, FIFA talablari asosida mutaxassislarni tayyorlash bo‘yicha o‘z tavsiyalarini bildirdi.

Xorvatiyalik mutaxassis Alyosha Asanovich O‘zbekistonda iqtidorli futbolchilar ko‘p ekanligini, bunda murabbiylarning alohida o‘rni borligi, shu jihatdan ularning saviyasini yanada oshirish, professional va ilmiy asoslangan ta’lim berishni yangi bosqichga olib chiqish kerakligini qayd etdi.

Uchrashuvda bir qator yo‘nalishlar yuzasidan o‘zaro fikr almashildi, kelgusi rejalar belgilab olindi. Alyosha Asanovichning O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasida texnik direktor sifatida rasman ish boshlash masalasi ko‘rib chiqilmoqda.

 

T.Ro‘ziyev,    

O‘zA