Prezidentning 2022−2026 yillarga mo‘ljallangan “Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini «Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili»da amalga oshirishga oid Davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmoni jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.

Unda “Yangi O‘zbekiston” massivlarini rivojlantirish va aholining uy-joyga bo‘lgan talabini qondirish maqsadida 2023 yilda 53 ta “Yangi O‘zbekiston” massivlari va 161 ta boshqa massivlarda, jumladan, xususiy pudrat tashkilotlari tomonidan yangi uy-joylar qurishning yillik hajmlari 2 barobarga oshirilib, 90 mingga yetkazilishi belgilandi.

Ma’lum qilinishicha, 2022 yilda 44 mingta xonadon qurilib va foydalanishga topshirilgan bo‘lib, belgilanayotgan choralar amalga oshirilishi natijasida, 2023 yilda quriladigan xonadonlar soni o‘tgan yilga nisbatan kamida 100 foizga ko‘payadi.

26 ming nafar fuqaroga bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlari, shuningdek, 11 ming nafar fuqaroga boshlang‘ich badal va foiz to‘lovlarining bir qismini qoplashga subsidiyalar ajratish uchun Davlat byudjetidan yetarli mablag‘lar yo‘naltiriladi.

Natijada, 2023 yilda aholiga ipoteka kreditlari doirasida boshlang‘ich badal va foiz to‘lovlarining bir qismini qoplashga 1 trillion so‘m miqdorida subsidiya ajratiladi.

Joriy etilgan aholini bozor tamoyillari asosida ipoteka kreditlari orqali uy-joy bilan ta’minlashning yangi tartibi doirasida mulk huquqi asosida uy-joyga ega bo‘lmagan fuqarolar uchun Toshkent viloyatida tajriba-sinov tariqasida “Mening birinchi uyim” dasturi ishlab chiqilishi nazarda tutilmoqda.

Xalqaro va mahalliy fond birjalarida “O‘zbekiston ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi” AJning ipoteka obligatsiyalarini chiqarish va joylashtirish hisobiga kompaniyaning ustav fondi 100 million AQSH dollari ekvivalentiga yetkaziladi. Bunda, ipoteka obligatsiyalarini joylashtirish hisobiga jalb qilingan mablag‘lar ipoteka kreditlari uchun resurs sifatida banklarga joylashtiriladi. Natijada, aholiga qo‘shimcha 3 mingta ipoteka kreditlari ajratiladi.

O‘zA