Bugun, 25-mart kuni Afg‘oniston bo‘yicha Toshkent konferensiyasi matbuot markazida tashkil etilgan anjumanda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Akmaljon Umirzoqov O‘zbekiston – Afg‘oniston munosabatlarining shartnomaviy-huquqiy asoslari haqida to‘xtalib o‘tdi.

– Mamlakatlarimiz o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilgan 1992-yildan buyon turli sohalarga oid 47 hujjat imzolangan. Shundan 3 tasi davlatlararo, 14 tasi hukumatlararo hujjatdir. Muntazam tashkil etib kelinayotgan turli darajadagi uchrashuvlar chog‘ida 20 ga yaqin shartnoma va boshqa hujjatlar qabul qilingan.

O‘zbekiston har doim qo‘shni Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish tarafdori bo‘lib kelgan. Imzolangan hujjatlardan 17 tasi siyosiy va xavfsizlik masalalariga taalluqli ekani ham buni tasdiqlaydi. 15 hujjat transport-logistika imkoniyatlarini kengaytirish, 12 shartnoma savdo-iqtisodiy hamkorlikni rag‘batlantirish maqsadlarini ko‘zda tutadi. Bundan tashqari, idoralararo tusdagi 8 hujjat amal qilib kelmoqda. Ular mamlakatlarimizning faol aloqalarini ta’minlashga qaratilgan.

O‘zbekiston bilan Afg‘oniston o‘rtasidagi munosabatlarda ijtimoiy, madaniy-gumanitar sohalar ustuvor ahamiyat kasb etadi. O‘tgan yili O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi va Afg‘onistonning Jamoat sog‘lig‘ini saqlash vazirligi o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolangani, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda Afg‘oniston Oliy ta’lim vazirligi o‘rtasida tuzilgan kelishuvlar ta’lim, madaniy-gumanitar hamkorlikning huquqiy asosini tashkil qilmoqda.

Mamlakatlarimiz o‘zaro munosabatlarini har tomonlama taraqqiy ettirishda va erishilgan kelishuvlarni o‘z vaqtida, izchil amalga oshirishda 2017-yil boshida hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha tuzilgan “Yo‘l xaritasi” muhim o‘rin tutmoqda, deb ta’kidladi u.

 

O‘zA