bugungi kunda mehnat bilan band bo‘lgan aholining 41 foizi, ya’ni 5,5 million ishchi norasmiy ish bilan band bo‘lganlar hisoblanadi. Ular orasida dehqon va fermer xo‘jaliklarida mavsumiy yoki vaqtincha ish bilan band bo‘lgan xotin-qizlar ham talay. Ular norasmiy tarzda ishlagani bois pensiya yoshiga yetganda arzimagan miqdordagi nafaqa puli oladi. Yakka tartibdagi tadbirkorlarga yollanib ishlaydigan yollanma ishchilar bundan bir necha yil avval 30 ming bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunda 8 ming 458 nafarni tashkil etadi. Ularni rasmiy ishchi sifatida rasmiylashtirishga qanday to‘siqlar bor?

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga norasmiy bandlik ulushini qisqartirish hamda mehnat resurslari balansini zamonaviy yondashuvlar asosida shakllantirishning yangi mexanizmlarini joriy etishga qaratilgan o‘zgartishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi. Unda kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri o‘rinbosari Erkin Muhitdinov loyihaning mazmun-mohiyatini batafsil tushuntirdi:

— Amaldagi tartibga ko‘ra, yakka tartibdagi tadbirkor 5 tagacha yollanma ishchini rasmiy ravishda ishga olishi mumkin. Ularning har biriga har oyda bazaviy hisoblash miqdorining 50 foizigacha, ya’ni 150 ming so‘m soliq to‘lashi kerak. Bu esa tadbirkorlarga og‘irlik qilyapti. O‘rganishlarimiz davomida tadbirkorlar ushbu soliq miqdorini yiliga bazaviy hisoblash miqdorining bir baravarigacha kamaytirilsa, ishchilarni rasmiylashtirishda yengillik bo‘lishini aytishdi. Shu maqsadda Prezidentimizning 2022 yil 30 avgustdagi tegishli qarori ijrosi yuzasidan ishlab chiqilgan mazkur qonun loyihasi bilan Soliq kodeksi hamda «Tomorqa xo‘jaligi to‘g‘risida»gi qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilmoqda.

Xususan, Soliq kodeksining 408-moddasiga kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalarga asosan yakka tartibdagi tadbirkorlar bilan mehnat munosabatlarida bo‘lgan jismoniy shaxslar uchun ijtimoiy soliq summasining eng kam miqdori oyiga bazaviy hisoblash miqdorining 50 foizidan yiliga bazaviy hisoblash miqdorining bir baravarigacha kamaytirilishi belgilanmoqda. Lekin savdo majmualari va bozorlarda faoliyat yuritayotgan yakka tartibdagi tadbirkorlar bilan mehnat munosabatlarida bo‘lgan jismoniy shaxslar uchun amaldagi tartib saqlab qolinadi.

Shu bilan birga, «Tomorqa xo‘jaligi to‘g‘risida»gi qonunning 11-moddasi ikkinchi qismiga kiritilayotgan o‘zgartishga ko‘ra, chorvachilik (qoramol, qo‘y, echki, ot va boshqalar), issiqxona, parrandachilik (bedana, kurka, g‘oz, o‘rdak), quyonchilik, asalarichilik, baliqchilik, bog‘dorchilik, limonchilik, gulchilik faoliyat turlari bilan shug‘ullanayotgan fuqarolarga ularga tegishli bo‘lgan tomorqa yer uchastkasi maydoni yoki ular tomonidan parvarish qilinayotgan uy hayvonlari va parrandalarning sonidan qat’i nazar ixtiyoriy tartibda ijtimoiy soliqni to‘lashga ruxsat etilishi belgilanyapti.

Shu sababli «Tomorqa xo‘jaligi to‘g‘risida»gi qonundan yer uchastkasi maydoniga qo‘yilgan talablar chiqarib tashlanmoqda. Ushbu qonun loyihasi yakka tartibdagi tadbirkorlar bilan mehnat munosabatida bo‘lgan jismoniy shaxslar hamda shaxsiy tomorqa yer uchastkasida o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolarning ijtimoiy soliq to‘lovlari va ularning mehnat stajini hisoblashda yanada qulayliklar yaratishga xizmat qiladi, — dedi vazir o‘rinbosari.

Muhokamalar davomida deputatlar qonun loyihasi yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi. Loyihani yanada takomillashtirish, pishiq-puxta holatga keltirish bo‘yicha takliflar ilgari surildi.

 

Muhtarama Komilova,  

O‘zA