AOKAda o‘tkazilgan brifingda Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i Alisher Safarov 2022 yil sohada amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida ma’lumot berdi.

Qayd etilishicha, 2022 yilda Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi tomonidan dunyo bo‘ylab hayvonlar orasida kelib chiqayotgan kasalliklarning mamamlakatimiz hududiga kirib kelishi va tarqalishini oldini olish maqsadida chorva mollarining 35 mln 400 ming boshi kuydirgi kasalligiga, 19 mln 800 ming boshi oqsil kasalligiga, 2 mln 700 ming boshi qorason kasalligiga, 6 mln 800 ming boshi nodulyar dermatit kasalligiga, 8 mln 300 ming boshi hayvonlar chechagi kasalligiga, 12 mln 300 ming boshi brutsellyoz kasalligiga, 2 mln 700 ming bosh ro‘yxatga olingan it va mushuklar quturish kasalligiga qarshi profilaktik emlandi.

Shuningdek, 35,5 mln bosh chorva mollari ektoparazitlarga qarshi profilaktik ishlov berilib, chorva mollari saqlanadigan 1 mln 200 ta bino va inshootlarda dezinfeksiya va dezinseksiya tadbirlari o‘tkazildi. Amalga oshirilgan profilaktik tadbirlar va ko‘rilgan keskin choralar natijasida o‘tgan davr mobaynida mamlakatimizda qishloq xo‘jalik hayvonlari orasida o‘ta xavfli yuqumli kasalliklar kuzatilmadi.

Respublikada faoliyat yuritayotgan dehqon bozorlariga sotish uchun keltirilgan 3 ming 952 tonna go‘sht 611,7 ming dona tuxum, 34 ming 747 tonna sut va sut mahsulotlari laboratoriya tahlillardan o‘tkazilib, 25,2 tonna go‘sht va sub mahsulotlar, 21,2 tonna sut va sut mahsulotlari iste’molga yaroqsiz deb topildi va o‘rnatilgan tartibda yo‘q qilindi.

Aholiga sifatli va xavfsiz go‘sht mahsulotlari yetkazib berish maqsadida joriy yil mobaynida respublika tuman va shaharlarida zamonaviy ixtisoslashtirilgan so‘yish korxonalari soni 110 taga yetkazilib, Veterinariya-sanitariya jihatidan xavfsizligi kafolatlangan so‘yilgan hayvon go‘shtlarining yagona elektron ma’lumotlar bazasi VIS-Billur tizimida ishlashlari yo‘lga qo‘yildi.

Respublika hayvonlar kasalliklari tashxisi va oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi davlat markazi moddiy-texnik bazasini yaxshilash maqsadida xorijiy grand mablag‘lari ko‘magida oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi laboratoriyasi, IFA va PSR laboratoriyasi shuningdek, markaz vivariyasiga qiymati 1 mlrd 800 mln so‘mga teng bo‘lgan zamonaviy laboratoriya uskunalari va jihozlar bilan qo‘shimcha ta’minlandi.

Yaratilgan imkoniyatlar natijasida 2022 yil davomida Davlat veterinariya xizmati tomonidan 120 mlrd so‘mga yaqin pullik veterinariya xizmatlari ko‘rsatildi.

bugungi kunda qo‘mita tomonidan chorvachilikni rivojlantirish, chorvachilik mahsulotlarini yetishtirish va qayta ishlash sohasida ilg‘or xorijiy texnologiyalarni faol joriy etish, fermer xo‘jaliklari va qishloq xo‘jaligi tashkilotlarining moddiy texnik bazasini mustahkamlash, ularning ishlab chiqarish salohiyatini oshirish maqsadida qator Xalqaro moliya institutlari ishtirokida umumiy summasi 441,9 mln AQSH dollariga teng mablag‘lar jalb etildi.

Aholini go‘sht va sut mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlash bo‘yicha quyidagi ishlar amalga oshirildi. Jumladan, respublikamizda jami 18 ming 167 ta chorvachilik xo‘jaliklari mavjud bo‘lib, shundan qoramolchilik yo‘nalishida 7 ming 614 ta, qo‘y va echkichilik 3 ming 263 ta, yilqichilik 142 ta, tuyachilik 52 ta, parrandachilik 1 ming 298 ta, baliqchilik 4 ming 829 ta, asalarichilik 715 ta va quyonchilik 254 tani tashkil etmoqda.

Joriy yilda chorvachilik va uning tarmoqlarini rivojlantirish uchun umumiy qiymati 9,7 trln. so‘mlik 2 ming 31 ta loyiha amalga oshirilib, 120 ming nafardan ortiq doimiy va mavsumiy ish o‘rinlari yaratildi.

Mazkur loyihalarga Halqaro moliya institutlarining 150 mln dollar imtiyozli kreditlari hamda 30 mln dollar grant mablag‘lari jalb etildi. Ushbu amalga oshirilgan loyihalar doirasida xorijiy davlatlardan 46 ming bosh naslli qoramol va 144 ming bosh naslli qo‘y va echkilar import qilindi.

Bundan tashqari yirik qoramolchilik yo‘nalishida 300 boshdan 500 boshgacha bo‘lgan xo‘jaliklar soni 648 taga, 500 boshdan 1000 boshgacha bo‘lgan xo‘jaliklar soni 256 taga, 1000 bosh va undan yuqori bo‘lgan xo‘jaliklar soni 171 taga yetkazildi. Shuningdek,

paxta-to‘qimachilik va g‘allachilik klasterlari tomonidan 40 ta loyihalar amalga oshirilib, jami 26 ming bosh qoramollar parvarishi yo‘lga qo‘yildi.

“Daladan dasturxongacha” tamoyili asosida 249 ta go‘sht va sut mahsulotlarini yetishtiruvchi va qayta ishlovchi korxonalar tomonidan axoli xonadonlariga 19,6 ming bosh chorva mollari kooperatsiya usulida yetkazib berildi.

 

O‘zA