Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining shu yil 1-4 fevral kunlari vodiy viloyatlariga tashrifi yakunlari haqida to‘xtalib o‘tildi.

Qonunchilik palatasi Spikeri N.Ismoilov davlat rahbari tashrif davomida hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, yoshlarga kasb o‘rgatish, aholi bandligini ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha bir qator vazifalar belgilab berganini ta’kidladi. Shuningdek, energiya manbalarini iqtisod qilish kabi masalalarga e’tibor qaratilganini qayd etdi. Spiker mazkur jarayonlarda deputatlar ham deputatlik nazoratidan samarali foydalanib, islohotlar samaradorligiga e’tibor qaratishi zarurligini urg‘uladi.

Shundan so‘ng majlisda “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartishlar kiritish haqida”gi qonun loyihasi muhokama etildi.

– Mazkur qonun loyihasiga ko‘ra, banklar ustav kapitalining eng kam miqdorini bosqichma-bosqich 500 milliard so‘mgacha oshirish hamda norezidentlarga bank aksiyalarini sotib olishga bo‘lgan taqiqni saqlagan holda, ularning aksiyadorlari va benefitsiarlari uchun mazkur taqiqni bekor qilish belgilanmoqda, – dedi deputat Javlonbek Ergashev. – Qonun loyihasining qabul qilinishi banklarning kapitallashuv darajasini yanada oshirish va resurs bazasini ko‘paytirishga, bank faoliyatini amalga oshirish uchun ruxsat berish tartib-taomillarini takomillashtirish hamda banklarning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish orqali bank sektoriga strategik xorijiy investorlarni jalb qilishga xizmat qiladi.

Loyihani ikkinchi o‘qishga tayyorlash davomida fraksiya va qo‘mitalarning taklif va fikrlari e’tiborga olindi. Deputatlar qonun loyihasini moddama-modda ko‘rib chiqib, uni ma’qulladi.

 

Muhtarama Komilova,    

O‘zA