Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosari Rustam Qobilov boshchiligidagi delegatsiyaning Indoneziya turizm va kreativ iqtisodiyot vaziri Sandiaga Salohiddin Uno bilan uchrashuvda tomonlar o‘rtasida bir qator muhim kelishuvlarga erishildi.

Tadbirda 2024 yil O‘zbekistonda o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan kreativ iqtisodiyot va turizm xalqaro konferensiyasida ushbu mamlakat delegatsiyasi ishtirok etishi ma’lum qilindi. Shuningdek, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Mahdumi A’zam, Hoja Ahror Valiy, Abdi Dorun va Abdi Berun majmualariga indoneziyalik sayyohlar uchun maxsus ziyorat turlari joriy qilish istiqboli muhokama qilindi.

Indoneziya Ta’lim, madaniyat, izlanish va texnologiya vazirligida bo‘lib o‘tgan muloqot chog‘ida talabalar va mutaxassislar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, “Ipak yo‘li” turizm xalqaro universitetida mazkur mamlakat yoshlari uchun grant ajratish, Indoneziyaning birinchi Prezidenti Sukarnoning Samarqandga amalga oshirgan tashrifi haqida spektakl tayyorlash masalalari ham ko‘tarildi.

 

O‘zA