O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov Belarus Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Leonid Marinichni qabul qildi.

Uchrashuvda O‘zbekiston- Belarus savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va sanoat hamkorligining bugungi holati va aloqalarni yanada kengaytirish istiqboli muhokama qilindi.

O‘zaro savdo munosabatida ijobiy sur’at kuzatilayotgani qayd etildi. Xususan, 2022 yilda ikki davlat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash miqdori 71 foiz o‘sib, 530 million dollardan oshdi. Shu bilan birga O‘zbekiston mahsulotlarining Belarusga eksporti ikki barobar ko‘paydi. Tomonlar yaqin yillarda savdo ko‘rsatkichini 1 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha birgalikdagi sa’y-harakatlarni amalga oshirishga tayyor ekanliklarini bildirdi.

Muloqot davomida sarmoyaviy hamkorlikni chuqurlashtirish, sanoat kooperatsiyasini kengaytirish istiqboli ham muhokama qilindi. Ta’kidlanganidek, O‘zbekistonda Belarus kapitali ishtirokidagi korxonalar soni 181 taga yetdi, shulardan 77 tasi qo‘shma, 104 tasi yuz foiz Belarus investitsiyasi ishtirokida tashkil etilgan. 2022 yilning o‘zida 86 yangi kompaniya tashkil etildi. Hozir Belarus hududida O‘zbekiston sarmoyasi ishtirokida yuzdan ziyold korxona faoliyat yuritmoqda. Tomonlar sanoat kooperatsiyasida yangi qo‘shma loyihalar amalga oshirishga har tomonlama ko‘maklashishga tayyorligini bildirdi.

Shu o‘rinda aytish kerak, O‘zbekiston – Belarus hududlararo aloqalari ham muvaffaqiyatli rivojlanmoqda. 2022 yil oktyabr oyida Vitebsk viloyati delegatsiyasining Qashqadaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida iqtisodiyot, sanoat, ta’lim va turizm sohalarida muhim kelishuvlarga erishildi. Qo‘shma savdo va ishlab chiqarish korxonalari tashkil etish orqali hududlar o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha ishlarni davom ettirish muhimligi ta’kidlandi.

Shuningdek, to‘qimachilik, charm-poyabzal, elektrotexnika, mebel sanoati hamda zamonaviy qurilish materiallari ishlab chiqarishga qaratilgan qo‘shma loyihalar amalga oshirish takliflari tahlil qilindi.

Uchrashuv yakunida tomonlar ikki mamlakat hamkorligini yanada kengaytirishga kelishib olindi.

O‘zA