O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Baxtiyor Saidov mamlakatimizda diplomatik missiyasini yakunlayotgan Xitoy Xalq Respublikasining Favqulodda va muxtor elchisi Szyan Yan bilan uchrashuv o‘tkazdi.

O‘zbekiston TIV rahbari elchini qutlar ekan, uning O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi do‘stlik munosabati va har tomonlama strategik sheriklikni mustahkamlashga qo‘shgan izchil faoliyati, salmoqli hissasini mamnuniyat bilan qayd etdi.

Suhbat chog‘ida ikki davlat rahbarlarining ishonchli muloqoti va birgalikdagi sa’y-harakati tufayli bugun O‘zbekiston – Xitoy aloqalari misli ko‘rilmagan yuksak darajaga ko‘tarilib, tizimli va jadal tus olgani, madaniy-gumanitar, ilmiy-ma’rifiy hamkorlik kengayotgani ta’kidlandi.

– Elchi xonimdan mening do‘stim, Xitoy Xalq Respublikasi tashqi ishlar vaziri Sin Gan janoblariga eng samimiy tilaklarimni yetkazishni so‘radim, – deya ma’lum qildi B.Saidov.

Szyan Yan, o‘z navbatida, Xitoyning O‘zbekistondagi diplomatik vakolatxonasi rahbari sifatidagi faoliyatida mamlakatimiz tomonidan ko‘rsatilgan har tomonlama ko‘mak uchun minnatdorlik bildirdi.

B.Xudoyberdiyev, O‘zA