Bola huquqlari bo‘yicha vakil (Bolalar ombudsmani) Aliya Yunusova Yangihayot tumanidagi 12 yoshli qizning o‘limi yuzasidan munosabat bildirdi:

– Qizchaning ayanchli o‘limi barchani chuqur qayg‘uga soldi. Internet olamidagi muhokamalar, xalqning g‘azabi va, albatta, yoshgina qizaloqning nobud bo‘lgani mamlakatimizda bolalar xavfsizligi to‘liq ta’minlanmaganini ko‘rsatadi.

Bu holatda qizcha begona shaxs tomonidan zo‘ravonlikka uchragan. Shaxsan menga yuborilayotgan murojaatlar orasida oila a’zolari, buvasi, o‘gay akasi yoki o‘gay otasi tomonidan muntazam jinsiy zo‘ravonliklarga uchrayotgan bolalar ham topiladi. Hatto 4–9, 10–14 yoshli bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonliklar amalga oshirilyapti.

Albatta, bu juda achinarli holat. Bunday murojaatlarni o‘qish juda og‘ir. Axir bolalar himoyaga muhtojku. Bu holatlarni o‘zimiz nazoratga olib, Bosh prokuraturaga rasmiy xat bilan murojaat qilyapmiz.

Bolalarga nisbatan qo‘llanadigan jinsiy zo‘ravonliklarga beriladigan jazo turini kuchaytirish orqali yuqoridagi holatlarga barham bergan bo‘lamiz.

Ta’kidlash lozimki, O‘zbekiston 1995 yil 31 avgustda “1966 yil 16 dekabrdagi Fuqaroviy va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktga doir fakultativ bayonnoma”ga qo‘shilgan. Ushbu hujjatga asosan mamlakatimizda o‘lim jazosi bekor qilingan va bu davlatimizning xalqaro majburiyati hisoblanadi.

Shunday ekan, Bolalar ombudsmani bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik qilgan shaxslarga eng og‘ir jazo turi qo‘llanilishi hamda ularga hech qanday amnistiya akti yoki afv etish asosida jazodan ozod qilish, jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilish va jazoni yengilrog‘i bilan almashtirish qo‘llanmasligi kerak, degan pozitsiyada.

Bolalar ombudsmani murojaatlar tahlili va o‘tkazgan o‘rganishlari davomida takliflar tayyorlab, tegishli tashkilotlarga yuborgan. Bundan tashqari, bolalarga yaratilgan sharoitlarni o‘rganib, aniqlagan kamchiliklar bo‘yicha tavsiyalar berilgan.

Lekin, shu bilan birgalikda, bolalar shaxsan o‘zlari Bolalar ombudsmaniga murojaat yuborishlari uchun qisqa ishonch telefonlari faoliyatini zudlik bilan yo‘lga qo‘yish lozim.

Bog‘cha, maktab va boshqa muassasalarda bolalarning ruhiy holatini o‘rganadigan mutaxassislar soni va malakasini oshirish kerak. Sudya, huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari va advokatlarning bola huquqlari kafolatlari bo‘yicha ixtisoslashuvini kuchaytirish zarur.

Bolalarning zo‘ravonlikka uchraganda, oila a’zolari tomonidan tahqirlanganda yoki boshqa holatlarda imo-ishora bilan xabar berish bo‘yicha ko‘nikmalarini shakllantirish kerak.

Yuqoridagi voqea bolalar himoyasini yanada mustahkamlash, mas’uliyatimizni yanada oshirish, shu orqali, bolalarni, ularning huquqlari himoyalangan va xavfsizligi ta’minlangan jamiyatda yashashini ta’minlashimiz zarurligini ko‘rsatdi.

O‘zA