bugungi kunda O‘zbekistonda ham urbanizatsiya jarayonining jadallashuvi, megapolis shaharlarning ko‘payishi hamda aholi sonining o‘sishi natijasida jamoat transportiga bo‘lgan talab va ehtiyoj kun sayin ortib bormoqda.

Mamlakatimizni yanada taraqqiy ettirish, aholi uchun qulay bo‘lgan yashash sharoitlarini yaratib berishda bugungi zamon talablariga mos bo‘lgan jamoat transporti imkoniyatlarini kengaytirish kun tartibidagi asosiy masala bo‘lib qolmoqda.

Shu boisdan, 2022-2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasining 36-maqsadida bu borada kelgusi besh yilda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan bir qator vazifa va chora-tadbirlar belgilab qo‘yilgan edi.

Xususan, Toshkent shahri va hududlarda jamoat transporti tizimini takomillashtirish va uning infratuzilmasini rivojlantirish, shaharlararo va shahar atrofi temir yo‘l qatnovlari jozibadorligini oshirish hamda transport va logistika xizmatlari bozori va infratuzilmasini rivojlantirish kabi masalalar shular jumlasidandir.

Taraqqiyot strategiyasini hayotimizga tatbiq etilishining dastlabki yilida barcha soha va tarmoqlarda bo‘lgani kabi bu borada ham bir qator ishlar amalga oshirildi. Xususan, Toshkent shahrida 73 ta asosiy ko‘chada avtobuslar uchun alohida yo‘lak tashkil etib, chorrahalar o‘tkazuvchanligini oshirish dasturi ishlab chiqildi. Bu orqali avtobuslarning o‘rtacha tezligi 1,5 baravar oshib, kechikishlarni sezilarli darajada bartaraf etishga erishildi. Ammo, yil yakunidagi tahlillar va faollar tomonidan bildirilayotgan fikr va mulohazalar bu borada qilinishi kerak bo‘lgan masalalar hali talaygina ekanligini ko‘rsatmoqda.

Shu bois, 31 yanvar kuni davlatimiz rahbari boshchiligida  Toshkent va Nukus shaharlari hamda viloyat markazlarida jamoat transportining yangi tizimini joriy etish bo‘yicha o‘tkazilgan navbatdagi videoselektor yig‘ilishida jamoat transportini aholining uzog‘ini yaqin qilib, xarajati va vaqtini tejaydigan, hayot sifatini ko‘rsatadigan muhim ijtimoiy xizmat sifatida tashkil etishga qaratilgan bir qator vazifa va maqsadlar belgilandi.

Jumladan, bugun zamon talablariga mos bo‘lgan jamoat transportlari olib kelinayotgani bilan joylardagi transport boshqarmalari va avtobus parklarida xizmat ko‘rsatish borasidagi ish tizimi o‘zgarmagani barcha hududlarda aholi uchun yangi uy-joy, maktab, bog‘cha, shifoxona va boshqa muassasalar barpo etilganiga qaramasdan, transport sohasi bu o‘zgarishlardan orqada qolib, bugungi rivojlanish talablariga mos kelmayotgani tanqid qilindi.

Yana bir muammo esa, ayrim viloyat markazlarida jamoat transportini rivojlantirish rejasi ishlab chiqilmaganligidir. Transport korxonalari kunlik tushum rejasini bajarishga bog‘lanib qolgani bois avtobuslar kunning “eng daromadli” paytida harakatlanishga odatlanib qolgan. Qolgan vaqtda yo‘lovchilar uzoq kutish yoki taksida yurishga majbur bo‘lmoqda. Bu ham aholini ortiqcha xarajat qilishga va eng muhimi qadrli bo‘lgan vaqtini bekatlarda avtobus kutib o‘tkazishga sarflashiga olib kelmoqda.

Shu bois, yig‘ilishda sohadagi ish tizimini o‘zgartirib, xizmat sifatini yaxshilash bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi. Jumladan, 2023 yildan boshlab, Toshkent, Samarqand, Andijon va Urganch shaharlarida, kelgusi yildan esa boshqa viloyat markazlari va Nukus shahrida tashuvchilarga mablag‘lar avtobusning yurgan masofasi va odamlar xizmat sifatidan qoniqishiga qarab berilishi, xizmat sifatiga avtobusdagi qulayliklar va sanitar holat, kech qolmasdan bekatga yetib kelishiga qarab baho beradigan tizim yaratilishi ma’lum qilindi.

Sohadagi yana bir yangilik bu — jamoat transportining aholiga qulay bo‘lishi bilan bir qatorda, jamoat transporti xizmatini ko‘rsatishda o‘z tadbirkorligini yo‘lga qo‘ymoqchi bo‘lgan ishbilarmonlar uchun imkoniyatlar ham yaratib beriladi.

Jumladan, jamoat transporti yo‘nalishlari bo‘yicha ochiq tenderda avtobuslarning yangilik darajasi asosiy mezon etib belgilanadi. Tashuvchilarga to‘lanadigan mablag‘larni shakllantirishda har yili avtobuslarning 20 foizini yangilab borish xarajatlari ko‘zda tutiladi. Bundan tashqari, tadbirkorlar olib kelgan yangi avtobuslar bo‘yicha qo‘shilgan qiymat solig‘ini bo‘lib-bo‘lib to‘lashga ruxsat beriladi. Avtobuslar sotib olish uchun 10 yilgacha muddatga imtiyozli kredit beriladi.

Shuningdek, yig‘ilishda barcha viloyatlar hokimlariga o‘z hududida poytaxtdagi kabi transport infratuzilmasini yaxshilash bo‘yicha manzilli dasturni tasdiqlab, amalga oshirishni boshlash topshirildi. Bunda yo‘l va chorrahalarda jamoat transportiga ustuvorlik berish, bekatlarda aholi va tadbirkorlarga sharoit yaratish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Umuman olganda yuqorida belgilab berilgan vazifalarning hayotimizga tatbiq etilishi bugun amalga oshirilayotgan islohotlarga nisbatan aholimizning ishonchini oshirish bilan bir qatorda, yo‘llarda transport harakati bilan bog‘liq xavf-xatarlar kamayishiga xizmat qiladi.


Maxfirat Xushvaqtova,  

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati  

O‘zA