2022 yil yakuniga ko‘ra, “Shell” Britaniya-Niderlandiya qo‘shma korxonasi 36 milliard yevrodan ziyodroq pul topdi. Bu o‘tgan yilgi ko‘rsatkichdan ikki barobar ko‘p bo‘lib, kompaniya tarixidagi eng yuqori natija hisoblanadi, deb xabar berdi “BBC”.

Neft-gaz giganti daromadining oshishi yoqilg‘i narxi ko‘tarilib ketishiga sabab bo‘ldi. Ukrainada maxsus harbiy operatsiya boshlangach, “Brent” markasidagi neft narxi bir barrel uchun qariyb 128 dollarga yetdi. To‘g‘ri, keyinroq 83 dollargacha pasaydi, ammo avgust oyida Yevropada gaz narxi rekord darajaga chiqib, bir megavatt-soat uchun 340 yevroni tashkil etdi. Kompaniya va raqobatchilarning yuqori daromadi Buyuk Britaniya hukumatini o‘tgan yil Shimoliy dengiz quvuri operatorlari uchun alohida turdagi soliq joriy etishga majbur qildi.

“Reuters” ma’lumotiga ko‘ra, “Shell” 2022 yil uchun 2 milliard yevrodan ortiq soliq to‘lashi mumkin. Darvoqe, energiya inqirozi davrida Norvegiyaning neft va gaz sotishdan tushgan daromadi 200 foiz oshdi.

G. Abdullayeva, O‘zA