O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 23 noyabrdagi hamda Vazirlar Mahkamasining 24 noyabrdagi qarorlariga asosan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalari dehqon xo‘jaligini yuritish uchun “e-auksion.uz” elektron savdo platformasi orqali ijaraga berilmoqda.

2022 yilda “e-auksion.uz” platformasi orqali 301 ming 458 gektar yer maydoni qishloq va dehqon xo‘jaligi maqsadlari uchun aholi va tadbirkorlarga ijaraga berildi. Muvaffaqiyatli ravishda yo‘lga qo‘yilgan elektron tanlovlarda 955 ming nafardan ortiq ishtirokchi qatnashdi.

Joriy yilda ham dehqonchilik uchun yer maydonlarini 30 yil muddatga ijaraga berish rejalashtirilgan bo‘lib, ayni vaqtda 102 mingdan ortiq yer maydonlari savdoda turibdi.

Ochiq elektron tanlovda o‘n sakkiz yoshga to‘lgan, muomalaga layoqatli O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi yoki O‘zbekiston Respublikasi hududida doimiy yashovchi fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar ishtirok etishi mumkin. Savdoda qatnashish uchun jismoniy shaxs “e-auksion.uz” platformasidan ro‘yxatdan o‘tishi, shaxsiy ma’lumotlarni kiritishi, BHMning bir baravari miqdorida garov pulini shaxsiy kabinetga kiritgan holda elektron raqamli imzo kaliti yordamida ariza yuborishi talab etiladi.

Savdo kuni soat 9:30da “e-auksion.uz” platformasi ariza bergan talabgorlarni tegishli mezonlar asosida baholaydi va eng yuqori ball to‘plagan talabgorni g‘olib deb e’lon qiladi. Ballar teng kelib qolganida birinchi bo‘lib ariza bergan talabgor g‘olib deb topiladi. G‘olib savdo yakunlangandan keyingi 5 ish kunida shartnoma imzolashga rozilik bildirsa, uning nomiga g‘oliblik bayonnomasi rasmiylashtiriladi.

Ayni paytda Andijondan 18 ming 310 ta, Buxorodan 9 ming 761 ta, Jizzaxdan 4 ming 3 ta, Qashqadaryodan 9 ming 500 ta, Navoiydan 2 ming 878 ta, Namangandan 14 ming 298 ta, Samarqanddan 3 ming 386 ta, Surxondaryodan 1 ming 292 ta, Sirdaryodan 3 ming 421 ta, Toshkentdan 9 ming 178 ta, Farg‘onadan 8 ming 543 ta, Xorazmdan 8 ming 427 ta hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasidan 1 ming 870 ta yer uchastkalari savdoda turibdi.

 

O‘zA