Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi boshqarma boshlig‘i Davron Miliyevning ma’lum qilishicha, o‘tgan bir yil ichida qurilish sohasida boshlang‘ich qiymati 21,83 trillion so‘mlik 12 mingdan ortiq ob’ekt bo‘yicha elektron tender o‘tkazildi.

Shuningdek, davlat dasturlari doirasida boshlang‘ich qiymati 14,3 trillion so‘mlik 8 ming 467 ta ob’ekt bo‘yicha inson omilisiz savdolar o‘tkazildi. Natijada davlat dasturlari doirasida jami 698,8 milliard so‘m iqtisod qilingan.

Ma’lumot uchun, elektron tenderlar Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 31 yanvardagi “Qurilish sohasida elektron davlat xaridlarini tashkil etish va amalga oshirish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan joriy etilgan.

Tender jarayonlarida inson omili cheklanishi natijasida korrupsiyaga barham berildi. Eng asosiysi ushbu sohadagi tadbirkorlik sub’ektlarida o‘z imkoniyatlaridan kelib chiqib, halol tender g‘olibi bo‘lishi mumkinligi fikiri shakllandi.

Ammo ushbu sohadagi hamma tadbirkorlik sub’ektlari ham yaratilgan imkoniyatlardan to‘g‘ri foydalanmayotgan holatlar ham kuzatilmoqda. Shartnoma shartlarini bajarishda sovuqqonlikka yo‘l qo‘yish, har bir yutib olingan ob’ekt bo‘yicha reyting balidan 5 foiz chegirma joriy etilishidan oldin o‘z kuch va imkoniyatlarini hisobga olmasdan bir nechta ob’ektlarni yutib olgan ayrim pudratchilar tomonidan ishlarni o‘z vaqtida bajarmaslik holatlari ham kuzatilmoqda.

Qurilish-pudrat tashkilotlarining Davlat xaridlari bo‘yicha pudrat shartnomalari ijrosini o‘rganish shuni ko‘rsatmoqdaki, ayrim pudrat tashkilotlari ishlarning katta qismini subpudratchilarga berib yubormoqda. Bu holat soliq organlariga pudratchilar tomonidan har oyda topshirilayotgan schyot-fakturalarga muvofiq asoslanmoqda.

 

Sh.Mamaturopova,  

O‘zA