O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan rasmiy tashrif bilan mamlakatimizda bo‘lib turgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish poytaxtimizdagi Hazrati Imom majmuasida bo‘ldi.

Oliy martabali mehmonga bu yerdagi masjid va maqbaralarning bunyod etilishi, majmuada saqlanayotgan Usmon Mushafi, uning yurtimizga keltirilish tarixi haqida ma’lumot berildi.

O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohada olib borilayotgan ishlar, e’tiqod erkinligi, diniy amallarni ado etish uchun yaratilgan sharoitlar xususida so‘z bordi.

Mamlakatimizda ilm ahllarining boy merosini chuqur o‘rganish, tarixiy obidalarni asrab-avaylashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Shu hududda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2018 yil Islom sivilizatsiyasi markazi poydevoriga tamal toshi qo‘ygan edi. Ushbu mahobati va mohiyati jihatidan ulkan markazning qurilishi, pardozlash ishlari izchil davom etmoqda. Mehmonlarga uch qavatli majmua qadimiy obidalarimiz shaklida barpo etilganligi haqida ma’lumot berildi. Bino markazida ulkan gumbaz, to‘rt tomonida simmetrik peshtoqlar qurilgani aytildi.

Bu kabi ezgu tashabbuslar xalqimiz va xalqaro jamoatchilik tomonidan keng qo‘llab-quvvatlanayotgani qayd etildi.

BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish tarixiy obidalardan hayratga tushganini ta’kidladi. Islom sivilizatsiyasi markazi tashkil etilayotganini yuqori baholadi.

I.AVVALBOEV,

R.NAZARMATOV (surat), O‘zA