5 yanvar kuni Abu-Dabi shahridagi “Qasr ash-Shati” qarorgohida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Birlashgan Arab Amirliklari Prezidenti Shayx Muhammad Ol Nahayon tor doirada hamda rasmiy delegatsiyalar a’zolari ishtirokida muzokara o‘tkazdilar.
Uchrashuv avvalida O‘zbekiston Prezidenti BAA Prezidentiga tashrif bilan kelish taklifi va samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirdi hamda “Abu-Dabi barqaror rivojlanish haftaligi” muvaffaqiyatli o‘tkazilgani bilan tabrikladi.
Davlat rahbarlari O‘zbekiston-BAA do‘stlik va ko‘p qirrali hamkorlik munosabatlarini, shu jumladan, siyosat, savdo-iqtisodiyot, investitsiya, innovatsiya, madaniy-gumanitar va boshqa ustuvor sohalarda yanada rivojlantirishning muhim masalalarini muhokama qildilar.
O‘zbekiston va Amirliklar xalqlarini mushtarak tarixiy ildizlar, o‘xshash an’ana va qadriyatlar, muqaddas islom dini chambarchas bog‘lab turgani ta’kidlandi.
O‘zbekiston yetakchisining BAAga tashrifi ikki tomonlama munosabatlar tarixida yangi sahifa ochayotgani – ular strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilayotgani qayd etildi.
So‘nggi yillarda tovar ayirboshlash va investitsiyalar hajmi, qo‘shma korxonalar soni bir necha barobar oshdi. To‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar soni ko‘paydi, vizasiz tartib joriy qilindi.
Tashrif doirasida BAAning yetakchi kompaniyalari bilan yangi, asosan yuqori texnologik tarmoqlarda loyihalar portfeli shakllantirildi.
Siyosiy aloqalarni yanada mustahkamlash maqsadida ikki mamlakat tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi muloqotni yanada rivojlantirish muhimligi ta’kidlandi.
Yetakchilar iqtisodiy hamkorlikning yangi modelini, jumladan sun’iy intellekt, raqamlashtirish, “yashil” energetika, shaharsozlik va infratuzilma, turizm, xususiy biznes kabi 6 ta asosiy yo‘nalishni belgilab oldilar. Har bir ustuvor soha bo‘yicha alohida ishchi guruhlar tashkil etishga kelishildi.
Tomonlar 2025-2027 yillarni “O‘zbekiston va BAA o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikning yangi davri” deb e’lon qilish taklifini qo‘llab-quvvatladilar.
Shu ma’noda, 2030 yilga qadar o‘zaro savdo hajmini 10 barobarga ko‘paytirish va investitsiya portfelini 50 milliard dollarga yetkazishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish asosiy vazifa etib belgilandi.
O‘zbekiston ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi aloqalarni yanada mustahkamlash va BAA kompaniyalarining yurtimizdagi investitsiyaviy faoliyatini kengaytirishdan manfaatdorligi qayd etildi.
Madaniy-gumanitar almashinuv ko‘lamini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Davlatimiz rahbari Muhammad bin Zoid nomidagi universitet bilan hamkorlikda yuqori malakali kadrlar tayyorlash va sun’iy intellekt sohasida ilmiy tadqiqotlar olib borish bo‘yicha qo‘shma dasturni ishga tushirishni taklif etdi.
Muzokaralar davomida bo‘lajak oliy darajadagi tadbirlarga, shu jumladan joriy yilda Samarqand shahrida o‘tkaziladigan “Markaziy Osiyo – Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi” muloqotining ikkinchi sammitiga tayyorgarlik masalalari muhokama qilindi.
Yetakchilar xalqaro siyosatning dolzarb jihatlari yuzasidan ham fikr almashdilar.