Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish Toshkent shahriga kelgach, O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov hamrohligida “Yangi O‘zbekiston” bog‘iga tashrif buyurdi.
BMT Bosh kotibi “Yangi O‘zbekiston” bog‘idagi Mustaqillik monumenti poyiga gul qo‘ydi.
Majmua bilan qisqacha tanishuv asnosida BMT delegatsiyasi vakillariga mazkur ansambl mazmuni va me’moriy yechimlari haqida ma’lumot berildi.
Bu majmua 2021 yilda, istiqlolimizning o‘ttiz yilligiga bag‘ishlab bunyod etilgan edi. Unda mamlakatimizning qadimgi tarixidan boshlab to bugungi kungacha bo‘lgan eng muhim voqealar, buyuk alloma va jahongir bobolarimizning siymolari aks ettirilgan. Monumentning eng yuqori qismida Humo qushi tasvirlangan.
Delegatsiya a’zolari majmuada aks ettirilgan allomalar, buyuk sarkarda va jahongirlar, jadid bobolarimizning siymolariga alohida e’tibor qaratdi.
Z.JONIBEKOV,
N.HAYDAROV (surat), O‘zA