O‘tgan 2022 yilda boks bo‘yicha yoshlar, o‘smirlar va kattalardan tashkil topgan O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari xalqaro musobaqalarda 266 ta medallar jamlanmasini qo‘lga kiritgan. Shundan 120 ta oltin, 71 ta kumush va 75 ta bronza medallaridir.

Bu haqda O‘zbekiston boks federatsiyasi bosh kotibi Shaxid Tillaboyev Yoshlar siyosati va sport vazirligida boks bo‘yicha 2022 yilgi natijalar va 2023 yilgi rejalarga bag‘ishlangan taqdimot yig‘ilishida ma’lum qildi.

Yoshlar siyosati va sport vaziri o‘rinbosari Shahrullo Mahmudov, Milliy olimpiya qo‘mitasi bosh kotibi Oybek Qosimov, federatsiya mas’ullari, mutaxassislar, murabbiylar ishtirok etgan taqdimot davomida joriy yilda boks bo‘yicha terma jamoa a’zolari jahon boks ringlarida o‘tadigan 24 ta xalqaro musobaqalarda qatnashishi, yurtimizda yoshlar, o‘smirlar va kattalar ishtirokida 13 ta respublika miqyosidagi musobaqalar tashkil etilishi bildirildi.

Ushbu musobaqalarning eng asosiylari – joriy yil may oyida poytaxtimizda kattalar o‘rtasida o‘tadigan jahon chempionati hamda avgust-sentyabr oylarida Xitoyda bo‘ladigan yozgi Osiyo o‘yinlaridir.

Taqdimot jarayonida Osiyo o‘yinlarida ishtirok etishi kutilayotgan asosiy va zaxira tarkib, ko‘zlanayotgan natijalar, terma jamoaning tayyorgarlik rejasi atroflicha tahlil qilindi.

Muhokamalarda o‘tgan yili mamlakatimizda tashkil etilgan chempionatlar va ularda hududiy terma jamoalarning qay tartibda qatnashgani, erishilgan natijalar, joylarda yosh bokschilar bilan shug‘ullanayotgan boks murabbiylarining bilim darajasi, viloyatlar kesimidagi ko‘rsatkichlar aniq raqamlar misolida ko‘rib chiqildi.

Mutaxassislar taqdim etgan ma’lumotga ko‘ra, 2022 yil davomida boks bo‘yicha o‘tkazilgan musobaqalarda eng ko‘p ishtirokchi va salmoqli sovrinli o‘rinlarga Buxoro, Andijon, Toshkent viloyati bokschilari sazovor bo‘lgan. Har ikki holatdagi past ko‘rsatkichni esa Sirdaryo, Navoiy va Surxondaryo viloyatlari qayd etgan.

Ta’kidlash lozim, yurtimiz charm qo‘lqop ustalari ortda qolgan sport mavsumidagi biron bir xalqaro musobaqadan medalsiz qaytmadi. Bu natijalarda ham aks etdi. Zotan, raqamlar, natijalar qilingan mehnatlar mahsuli hisoblanadi.

– Joriy yil Xitoyda o‘tadigan yozgi Osiyo o‘yinlarida rejadagi natijaga erishish asnosida “Parij-2024” uchun munosib zaxira hozirlash harakatlarimizning eng yuqori nuqtasi sanaladi, – deydi boks bo‘yicha mamlakat milliy terma jamoasi bosh murabbiyi To‘lqin Qilichev.

Darvoqe, taqdimotda keltirilganidek, bokschilarimiz kechiktirib o‘tkaziladigan yozgi Osiyo o‘yinlarida 7 ta sovrinli o‘rinlarni egallashni maqsad qilgan. Eslatib o‘tamiz, 2018 yili Indoneziyada o‘tgan Osiyo o‘yinlarida bokschilarimiz 5 ta oltin va 2 ta kumush medallarga sazovor bo‘lgan edi.

 

T.Ro‘ziyev,  

O‘zA