Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti ekspertlari investitsiya bilan bog‘liq xorijiy tajribani o‘rgandi. Mazkur tahlil asosida sog‘liqni saqlash, ta’lim, elektr energiyasi va suv ta’minoti, yo‘l-transport, ma’lumotlarni qayta ishlash va uzatish tizimlarini rivojlantirishga kiritilgan investitsiyalarning O‘zbekistondagi iqtisodiy o‘sishga ta’sirini baholovchi elastiklik koeffitsiyentini hisoblab chiqdi.

Hisob-kitoblar O‘zbekistonning 14 ta hududi kesimida 2010-2021 yillarda ushbu tarmoqlarga kiritilgan investitsiyalar va yalpi hududiy mahsulot  bo‘yicha  ma’lumotlarga asoslanilgan. Tadqiqot infratuzilma tarmoqlariga investitsiyalarning kiritilishi iqtisodiy taraqqiyotga ta’sir ko‘rsatishi bo‘yicha ilmiy jihatdan quyidagi xulolasalarni taqdim etdi:

  • infratuzilmaning barcha tarmoqlariga kiritilgan investitsiyalar iqtisodiy o‘sishga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi;
  • inson kapitalini oshirish bilan bog‘liq infratuzilmaga kiritilgan investitsiyalar eng yuqori ta’sirga ega, ya’ni ta’lim va sog‘liqni saqlash tizimlariga kiritiladigan investitsiyalar 1 foizga oshganda, YAHM mos ravishda 0,52 foizga va 0,43 foizga o‘sadi;
  • transport va raqamlashtirish sohalarini rivojlantirish uchun kiritilgan investitsiyalar ham iqtisodiyotning rivojlanishi uchun muhim ahamiyatga ega, ya’ni ushbu tarmoqlarga yo‘naltirilgan investitsiyalar 1 foizga oshganda, YAHM mos ravishda 0,32 foizga va 0,30 foizga o‘sadi.

– Elektr energiyasi va suv ta’minoti tarmoqlariga kiritiladigan investitsiyalarning ta’siri boshqa infratuzilma tarmoqlaridagiga nisbatan pastroq, ya’ni ushbu sohalarga yo‘naltirilgan investitsiyalarning 1 foizga oshishi YAHMning mos ravishda 0,16 foiz va 0,08 foiz o‘sishiga olib keladi.

Nazariyaga ko‘ra, bunday natija ushbu sohalarga kiritilgan investitsiyalar nisbatan uzoqroq vaqtdan so‘ng iqtisodiy foyda keltirishi bilan izohlanadi. Shu bilan birga, ushbu tarmoqlar boshqa sohalarning rivojlanishi uchun asos ekanligini yoddan chiqarmaslik lozim. Ularni rivojlantirmasdan iqtisodiyotning boshqa tarmoqlariga investitsiya kiritish kutilgan natijani berishi qiyin, deyiladi tahlilda.

 

O‘zA