Prezident Shavkat Mirziyoyev Qo‘shtepa tumani “Oqtepa” kichik sanoat zonasidagi “Global Tekstayl infiniti” korxonasida respublika paxta-to‘qimachilik klasterlari rahbarlari bilan muloqot o‘tkazmoqda.

Muloqotda sohada hali yechimini kutayotgan ko‘plab masalalar borligi qayd etildi.

– Joriy yilda ham yana 100 ming gektar paxta va g‘alladan bo‘shagan yerlarni aholiga berayapmiz. Bunda, Andijonda – 2 ming gektar, Namanganda – 2,7 ming va Farg‘onada – 2,2 ming gektar paxta maydoni qisqaradi. Bu – 24 ming tonna paxta xomashyosi, degani. Ushbu yo‘qotishni qoplash uchun hosildorlikni 1,5-2 sentnerga oshirish kerak. Ushbu marralarni olish uchun, sizlarga barcha sharoitlar yaratiladi, yangi imkoniyatlar

va qo‘shimcha resurslar beriladi,– dedi Shavkat Mirziyoyev. – Shu bois, o‘tgan haftada klasterlarni yanada qo‘llab-quvvatlash va manfaatlarini ishonchli himoya qilish, ularga moliyaviy ko‘mak berish, bo‘yicha yangi qarorni imzoladim.

Klasterlar paxta yetishtirishga o‘g‘it, urug‘, yoqilg‘i uchun, imtiyozli kreditlarni istalgan vaqtda olish imkoniga ega bo‘ladi. G‘o‘za navlarini mustaqil joylashtirishga, chetdan hosildor navlarni seleksiya uchun olib kelishga ruxsat berildi.

Bundan tashqari, ishlab chiqarishni ilm bilan bog‘lash maqsadida har bir klasterga paxtachilik ilmiy tashkilotlari va Agroxizmatlar markazlari biriktirilayapti.

Shuningdek, lazerli tekislagichlarni sotib olishda ular qiymatining 30 foizi byudjetdan qoplab berilmoqda.

Bundan tashqari, paxta maydonlarini nasosda sug‘orishda elektr xarajatlari 50 foizi qoplab beriladi (bunga 117 milliard so‘m, shundan vodiyga 30 milliard so‘m ajratiladi).

 

O‘zA