Yoshlar siyosati va sport vazirligida belgilangan dastur asosida federatsiya va assotsiatsiyalarning 2023 va 2024 yillar uchun ishlab chiqilgan strategiyalari ko‘rib chiqilmoqda.
Maqsad, mamlakatimiz sportchilarining joriy yil Xitoyda o‘tadigan yozgi Osiyo o‘yinlari hamda 2024 yil Parijda bo‘ladigan yozgi Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik holatini tahlil etish.
Kuni kecha O‘zbekiston zamonaviy beshkurash, regbi va o‘q otish sporti federatsiyalari o‘z taqdimotlarini o‘tkazdi.
Yoshlar siyosati va sport vaziri o‘rinbosari Shahrullo Mahmudov, Milliy olimpiya qo‘mitasi bosh kotibi Oybek Qosimov, federatsiyalarning mas’ullari, mutaxassislar ishtirok etgan taqdimotda mazkur davr uchun ishlab chiqilgan rejalar, o‘tkaziladigan o‘quv-mashg‘ulotlar, xalqaro musobaqalar mundarijasi, sportchilarni saralash va ularning salomatligini nazorat qilish tizimi, o‘tgan 2022 yildagi natijalar, davlatimiz tomonidan ajratilayotgan mablag‘larning maqsadli sarflanishi kabi masalalar atroflicha tahlil etildi.
Muhokamalar davomida zamonaviy beshkurashda yosh sportchilarni tarbiyalashga alohida ahamiyat qaratilayotgani, yaqin yillarda ular xalqaro maydonda yuqori saviyadagi atletlar bo‘lib yetishib chiqishi ta’kidlandi. Shuningdek, regbi sportida ham istiqbolli rejalar muhokama qilindi, deyiladi Milliy Olimpiya qo‘mitasi xabarida. Federatsiya bosh kotibi Qahramon Jalilov xorijlik murabbiylardan tashkil topgan shtab o‘zbek regbisi rivojini yangi bosqichga olib chiqishi kutilayotganini bildirdi.
O‘q otish sporti turlarida ham yuqori natijalar qayd etilayotganligi, yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionati va kubogi bosqichlarida hamyurtlarimiz g‘olib va sovrindorlar qatoridan joy olayotganligi, merganlarimiz Osiyo o‘yinlari medallari va “Parij-2024” Olimpiadasi yo‘llanmalari uchun kurash olib borishi yig‘ilish davomida ma’lum qilindi.
Uchrashuvlarda har bir terma jamoalarning tayyorgarlik rejasi atroflicha tahlil qilinib, sportchilarning natijalarini oshirish, mashg‘ulotlar uchun shart-sharoitlarni yanada yaxshilash yo‘nalishlarida qo‘shimcha tavsiyalar berildi.
Yoshlar siyosati va sport vazirligi ma’lum qilishicha, dasturga binoan 2023 va 2024 yillar uchun ishlab chiqilgan strategiyalarni ko‘rib chiqish ishlari boks, dzyudo, yilqichilik va ot sporti turlarida davom etadi.
Shu o‘rinda bir mulohaza: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining bundan ikki yil muqaddam imzolagan qaroriga asosan 2024 yil Parijda (Fransiya) bo‘lib o‘tadigan XXXIII yozgi Olimpiya va XVII Paralimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik bo‘yicha maqsadli ko‘rsatkichlar tasdiqlangandi.
Unga ko‘ra, Olimpiya o‘yinlari bo‘yicha 244 ta dasturda ishtirok etish hamda 26 ta sport turi bo‘yicha 103 ta litsenziyani, shu jumladan, 8 ta istiqbolli olimpiya sport turlari bo‘yicha (badminton, stol tennisi, qoyani zabt etish, suv polosi, sinxron suzish, suvga sakrash, ot sporti, triatlon) 31 ta dasturda ishtirok etish va litsenziyalarni qo‘lga kiritish belgilangandi.
Bundan tashqari, Paralimpiya o‘yinlari bo‘yicha 476 ta dasturda ishtirok etish hamda 12 ta sport turi, shu jumladan, bochcha, para stol tennisi, para kamondan otish, para velosport bo‘yicha 105 ta litsenziyani qo‘lga kiritish nazarda tutilgandi.
Yuqoridagi holatlardan kelib chiqib, 2023 va 2024 yillar uchun ishlab chiqilgan strategiyalar bo‘yicha o‘tkazilayotgan taqdimotlarda sport ta’lim muassasalarining har bir sport turi bo‘yicha o‘qituvchi va murabbiylari, hududlardagi oliy sport mahorati maktablarining trenerlari ham onlayn tarzda qatnashilsa, ko‘rilayotgan choralar, tahlillar yanada chuqurroq bo‘lishi, qabul qilingan qarorlar ijrosi ta’minlanishida samaradorlikka erishilishi ortardi.
To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA