Yozuvchilar uyushmasida Adabiy tanqid kengashining shu yildagi ilk yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Unda uyushma raisi o‘rinbosari Nodir Jonuzoq, mas’ul kotib Muhiddin Abdusamad, kengash a’zolari, adabiyotshunos olimlar Nurboy Jabborov, Bahodir Karim, Abdulla Ulug‘ov, Islom Yoqubov, “Yoshlik” jurnali bosh muharriri Nurilla Chori qatnashdi.

Muhokamada kengash faoliyati oldida turgan ustuvor vazifalar xususida batafsil so‘z yuritildi. Adabiy tanqidchilik sohasidagi ishlarni zamon ruhiga uyg‘un tarzda yo‘lga qo‘yish borasida amaliy takliflar bildirildi.

– Joriy yilda ham kengash a’zolari ijodiy jarayonga jiddiy yondashishi lozim, – dedi Nodir Jonuzoq. – Har oyda ijodkorlarning maqolalari matbuotda e’lon qilinishi va adabiy anjumanlarda dolzarb mavzular munozarasiga e’tibor qaratishimiz kerak.

Yig‘ilishda Nurboy Jabborov kengashning maqolalar to‘plamini nashr ettirish kerakligi xususida to‘xtaldi. Bu esa ertangi kunda yosh izlanuvchilar uchun munosib qo‘llanma bo‘lishini ta’kidladi.

Muhokama etilgan masalalar, rejalar yuzasidan Kengashning tegishli xulosalari qabul qilindi.

 

O‘zA