“Taraqqiyot strategiyasi” markazi tomonidan Daniyaning Kopengagen konsensus markazi bilan hamkorlikda milliy strategik hujjatlarni davriy ravishda ekspertlik tahlilidan o‘tkazib borish va baholash bo‘yicha ilg‘or xorijiy amaliyotni o‘rganish hamda tajriba almashishga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Ma’lumot o‘rnida shuni aytish lozimki, 2022 yilning noyabr oyida “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ekspertlarining Shvetsiyaga tashrifi asnosida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda kelgusida hamkorlik aloqalarini o‘rnatishga kelishib olingan edi. Mazkur tadbir Stokgolmdagi muloqotning amaliy natijasi bo‘ldi.

Ikki mamlakat “aql markaz”larining ekspertlari ishtirok etgan tadbirda dastlab so‘z olgan “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov ishtirokchilarni 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasining mazmun-mohiyati hamda uning doirasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishtirib o‘tdi.

Kopengagen konsensus markazi direktori Byorn Lomborg O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan Taraqqiyot strategiyasi bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirdi.

–Taraqqiyot strategiyasi kabi o‘rta va uzoq muddatli strategik milliy hujjatlarni davriy ravishda ekspertlar tahlilidan o‘tkazib borish, mazkur yo‘nalishda safarbar qilinayotgan moddiy hamda mehnat resurslaridan oqilona foydalanish va yuqori natijalarga erishish imkonini beradi. Xususan, bizning markaz Osiyo va Afrika mamlakatlarida, jumladan Indoneziya, Togo, Uganda, Malavi kabi davlatlarning milliy strategiyalar va Barqaror rivojlanish maqsadlari bo‘yicha amaliy ishlarini, baholash va ekspertlik tahlilidan o‘tkazgan. Ta’kidlash joizki, hozirgi kunda Markaz ekspertlari tomonidan Hindistonning milliy strategiyasi baholash jarayonidan o‘tkazilmoqda, – dedi ekspert.

Shuningdek, tadbir doirasida “Taraqqiyot  strategiyasi” markazi va Kopengagen konsensus markazi  o‘rtasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan Anglashuv memorandumi ham imzolandi.

Tadbir yakunida Kopengagen konsensus markazi “Taraqqiyot strategiyasi” markazi bilan hamkorlik qilishdan manfaatdor ekanini e’tirof etdi. Tomonlar qo‘shma tadqiqotlarni amalga oshirish, milliy strategiyalar bilan bog‘liq turli ilmiy, uslubiy va tahliliy materiallarni tayyorlash va o‘zaro tajriba almashishga kelishib olishdi.

 

O‘zA