Joriy yilning 16-18 may kunlari Samarqand shahrida Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining yillik anjumani bo‘lib o‘tadi. Ushbu nufuzli xalqaro tadbirga tayyorgarlikning borishi bilan yaqindan tanishish maqsadida yurtimizga tashrif buyurgan YeTTB Bosh kotibi Kazuxiko Koguchi bilan uchrashdik.

Ta’kidlash kerakki, Prezidentimiz tashabbusi bilan bir qancha xalqaro anjumanlarga mezbonlik qilgan qadimiy va navqiron Samarqandda ushbu tadbirni o‘tkazish bo‘yicha hamkorlik memorandumi ham imzolanadi.

YeTTBning yillik anjumaniga butun dunyodan 73 ta bank boshqaruvchilari, vazirlik va idoralar rahbarlari hamda turli kompaniyalar vakillaridan iborat 2 mingga yaqin mehmonlar tashrif buyurishi kutilmoqda. Bu O‘zbekistonga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish barobarida, mamlakatimiz turizm salohiyatini yana bir bor keng namoyish etish imkoniyatini yaratadi.

Shuningdek, bo‘lajak nufuzli tadbirga tashrif buyuradigan xorijlik mehmonlar yurtimiz nomoddiy madaniy merosining eng sara namunalari, jozibador turizm salohiyati, gastronomiyasi, hunarmandchiligi va folklor san’ati bilan yaqindan tanishadilar.

Darvoqe, janob Kazuxikoning ta’kidlashicha, mazkur nufuzli anjumanni jahon miqyosida keng targ‘ib qilish maqsadida YeTTB veb-saytida alohida sahifa ochiladi. Bu ham biz uchun muhim.

O‘ylaymizki, xalqaro tadbir doirasida muhokama qilinadigan barcha masalalar hamkorlikni mustahkamlash, jonajon Vatanimizning iqtisodiy salohiyatini oshirish va jahondagi imijini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi.

 

Ozodbek Nazarbekov,

madaniyat va turizm vaziri