Poytaxtimizda Italiyaning “CREA” tadqiqotlar markazi ekspertlari tomonidan “Operatsion/Innovatsion guruhlar: Yevropa Ittifoqi tajribasi” mavzusida seminar-trening o‘tkazildi.

Tadbir Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtiriladigan BMT Taraqqiyot dasturi (BMT TD) va O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining “Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sektorining “yashil iqtisodiyot”ga inklyuziv o‘tishini qo‘llab-quvvatlash va iqlimga yo‘naltirilgan qishloq qo‘jaligi bilimlari va innovatsion tizimini rivojlantirish”(«EU-AGRIN») loyihasi doirasida uyushtirildi.

Gibrid formatda o‘tgan seminarda qishloq xo‘jaligi sohasidagi ilmiy-tadqiqot institutlari, biznes, NNT, shuningdek, fermer xo‘jaliklari vakillari ishtirok etdi. Sohani rivojlantirishga yo‘naltirilgan innovatsion guruhlarni yaratish va boshqarish bo‘yicha YeI tajribasi va bilimini ko‘rsatish maqsadida “CREA” ekspertlari tomonidan bir qator amaliy taqdimotlar namoyish etildi, yevropalik ekspertlar va mahalliy ishtirokchilar o‘rtasida munozaralar bo‘lib o‘tdi.

Ta’kidlash joiz, innovatsion guruhlar qishloq xo‘jaligida iqlim o‘zgarishiga moslashish, salbiy oqibatlarni yumshatishga yordam beruvchi ilmiy-amaliy yechimga ega innovatsion loyihalarni ishlab chiqadi va amalga oshiradi. Guruh tarkibiga fermerlar, tadqiqotchilar, tadbirkorlar, agrobiznes va tashkilotlar vakillari kirishi mumkin.

– O‘zbekistonda innovatsion guruhlarni rivojlantirish iqlim va hudud sharoitiga mos keluvchi yuqori sifatli mahsulot ishlab chiqarish samaradorligini oshirish, shuningdek, ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish imkonini beradi, – deydi BMT TD loyihalari milliy koordinatori Ulug‘bek Islomov. – Bu yo‘nalishda YeI ilg‘or tajribasini o‘rganish va qo‘llash muhim ahamiyat kasb etadi.

O‘zA