Qaror va ijro

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 28 maydagi “G‘allani yetishtirish va sotishda bozor tamoyilini joriy etishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi  va 2021 yil 17 martdagi  “Yuqori likvidli va monopol tovarlarni sotish jarayonlariga bozor mexanizmlarini joriy etishni davom ettirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi  qarorlari qabul qilingan.

Ushbu hujjatlar ijrosini ta’minlashga  “O‘zbekiston respublika tovar-xomashyo birjasi” aksiyadorlik jamiyati tomonidan alohida e’tibor qaratilmoqda.  Belgilangan vazifalar asosida 2022 yilda mazkur tashkilot mamlakatimiz tovar bozorlarida shaffoflikni ta’minlash, sog‘lom raqobatni rivojlantirish va bozor tamoyillarini joriy etish bo‘yicha salmoqli ishlarni amalga oshirdi.

“O‘zbekiston Respublika tovar-xomashyo birjasi” aksiyadorlik jamiyati matbuot kotibi Xikmatullo TILLABOEV aynan shu ishlarning natijalari va istiqbollari haqida O‘zA muxbiriga intervyu berdi.

– Yuqorida ta’kidlab o‘tilgan qarorlar ijrosi bo‘yicha “O‘zbekiston Respublika tovar-xomashyo birjasi” aksiyadorlik jamiyati tomonidan 2022 yil davomida mamlakatimiz tovar bozorlarida shaffoflikni ta’minlash, sog‘lom raqobatni rivojlantirish va bozor tamoyillarini joriy etish bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirildi, – dedi H.Tillaboyev. –  O‘tgan yilda O‘zbekiston respublika tovar-xomashyo birjasida 100 mingdan ziyod yangi mijozlar ro‘yxatdan o‘tkazildi. Bu 2021 yilga nisbatan 1,5 marotabaga ko‘p demakdirdir. Bir vaqtning o‘zida birjada tadbirkorlik sub’ektlari uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratilishi natijasida ular tomonidan birjada sotilayotgan mahsulotlarning soni va hajmi ham o‘sdi.

Deylik, ichki bozorda yuqori likvidli va monopol tovar bo‘lmagan mahsulotlar bo‘yicha birja komissiya yig‘imlari ikki barobarga qisqartirilishi natijasida o‘tgan yili birja orqali 1 ming 249 ta sotuvchi korxonaning 1 ming 220 turdagi monopol va yuqori likvidli bo‘lmagan mahsulotlari sotildi. Shuningdek, tadbirkorlik sub’ektlari mahsulotlarini birjaning istiqbolli tovarlar seksiyasida sotish tartibi soddalashtirilganligi sababli birjaning mazkur tovar seksiyasida 1,1 trillion so‘mlik yangi 198 turdagi mahsulotlar sotildi. Davlatimiz rahbarining 2022 yil 28 maydagi qaroriga asosan un va g‘alla mahsulotlarini ochiq birja savdolari orqali bozor tamoyillari asosida sotilishi tashkil qilindi.

O‘tgan davrda mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan 860,7 ming tonna un hamda 926,7 ming tonna bug‘doy birja savdolari orqali barcha tadbirkorlik sub’ektlariga erkin sotildi. Bunda bug‘doyni sotishda fermerlar birjaning komission yig‘imi va garov mablag‘lari to‘lovidan ozod etildi.

Birjaning aksariyat tovar bozorlari barqaror holatni namoyon etdi. Xususan, mis, polietilen, polipropilen va suyultirilgan gaz mahsulotlari o‘rtacha sotilish narxlari 2021 yilga nisbatan deyarli oshmagan bo‘lsa, paxta yog‘i va tolasining o‘rtacha narxi o‘zining maksimal darajasiga nisbatan  43 foizga, shakar  30 foizga, sulfat ammoniya  28 foizga, texnik chigit  28 foizga, qora metall 16 foizga va bug‘doy  5 foizga pasayganini ko‘rishimiz mumkin.

E’tiborlisi, o‘tgan davrda Polsha, Turkiya, Ozarbayjon va Tojikiston kabi mamlakatlarda birjaning yangi xorijiy savdo maydonchalari ochilib, ularning soni 34 taga yetkazildi. Mazkur xorijiy savdo maydonchalarning faollashuvi natijasida o‘tgan yili O‘zbekiston respublika tovar-xomashyo birjasida 501,3 million AQSH dollarlik tashqi savdo bitimlari tuzildi. Shu jumladan, Qozog‘istonda tashkil qilingan 7 ta savdo maydonchalari orqali 905,2 ming tonna bug‘doy va 224,1 ming tonna un mahsulotlari sotildi.

Yuk tashish sohasida shaffoflikni ta’minlash va sog‘lom raqobatni rivojlantirish maqsadida joriy etilgan birjaning e-logistika.uzex.uz elektron logistika portalida onlayn savdolar faollashtirildi. 2022 yilda mazkur portalda 12,5 milliard so‘mlik 6 mingdan ziyod shartnoma tuzildi.

Shuningdek, etender.uzex.uz elektron savdo tizimida mahalliy ishlab chiqaruvchilarga nisbatan 15 foiz miqdorida preferensiya qo‘llash va tuzilgan shartnomalarga qo‘shimcha kelishuv tuzish imkoni yaratildi. Davlat xaridlari bo‘yicha elektron savdo tizimi xarid.uzex.uz da jami 36,7 trillion so‘mlik 1 milliondan ziyod bitimlar tuzildi. Tuzilgan bitimlarning hajmi 2021 yilga nisbatan 3,3 marotabaga o‘sdi. avtoraqam.uzex.uz elektron savdo tizimida 304,1 milliard so‘mlik 118 mingdan ziyod avtoraqamlar shaffof onlayn-auksionlar orqali sotildi.

Rejalar haqida to‘xtalganda, Prezidentimizning 2022 yil 24 noyabrdagi qarori ijrosi asosida O‘zbekiston Respublika tovar-xomashyo birjasini rivojlantirish strategiyasi ishlab chiqilmoqda. Mazkur strategiyaga muvofiq birjaning yangi elektron birja savdolari va kliring tizimlarini joriy etish, davlat xaridlari, elektron tijorat savdo tizimlari va elektron logistika portalini takomillashtirish rejalashtirilgan.

Albatta, har bir tashkilot tomonidan yil yakunlari bo‘yicha sarhisob qilinadi va natijalar  keng jamaotchilikka ma’lum qilinadi.  Shundan kelib chiqib, kuni kecha Respublika tovar-xomashyo birjasida ommaviy axborot vositalari uchun “Birja savdolari va elektron tijorat sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlar natijalari va istiqbollari” mavzuida matbuot anjumanini tashkil etdik. Qizg‘in muhokama, tahlil va savollar asosida o‘tkazilgan anjuman tafsilotlari jurnalistlar va blogerlarning maqola, video hamda fotolavhalarida yanada yaqqol o‘z ifodasini topadi.


O‘zA muxbiri Nasiba ZIYODULLAEVA

yozib oldi.