U haqda nima bilamiz?
Kristofer Jon Xipkins Jasinda Ardern kutilmaganda iste’foga chiqqach, 20 yanvar kuni Yangi Zelandiyaning 41-bosh vaziri sifatida ish boshladi. U Qirol Karl III vakili – General-gubernator Sindi Kiro oldida qasamyod qilishdan avval, hukmron Leyboristlar partiyasiga rahbarlik qilish uchun 64 nafar qonun chiqaruvchi tomonidan saylangan.
Kris Xipkins 1978 yil 5 sentyabrda Yangi Zelandiya poytaxti Vellingtonda tug‘ilgan. “Reyter” xabar qilishicha, uning ota-onasi oddiy odamlar bo‘lib, farzandlarini yaxshi hayot bilan ta’minlash uchun juda ko‘p mehnat qilishgan.
Kris Vellingtondagi Viktoriya universitetinida siyosatshunoslik va kriminalistika bo‘yicha tahsil olgan. O‘qishni tamomlagach, Kasbiy ta’lim federatsiyasida siyosiy masalalar bo‘yicha maslahatchi, “Todd Energy” kompaniyasida ta’lim menejeri lavozimida faoliyat yuritdi.
Xipkins ilk bor 2008 yil parlamentga saylangan. Bosh vazir bo‘lgunga qadar ta’lim, sog‘liqni saqlash, davlat xizmati, politsiya vaziri va Vakillar palatasi yetakchisi bo‘lgan. 2020 yil noyabrdan 2022 yil iyun oyiga qadar Xipkins koronavirusga qarshi chora-tadbirlar uchun mas’ul amaldor edi. Aynan shu vazifada uning obro‘-e’tibori sezilarli darajada oshdi.
OAV yozishicha, yangi Bosh vazir parlamentda hazilkashligi bilan tanilgan. Faol hordiq ishqibozi va ashaddiy velo havaskor Xipkins ba’zan qo‘shni shahardagi uyidan poytaxtga velosipedda keladi. Uylangan, ikki nafar farzandi bor. Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘zi oilasi omma e’tiboridan yiroq bo‘lishini xohlaydi.
Taxminlarga qaraganda, Xipkins boshchiligidagi yangi hukumat asosiy e’tiborni sog‘liqni saqlash sohasidagi muammolarga, shuningdek, turmush darajasi bilan bog‘liq inqirozni bartaraf etishga harakat qiladi.
G.Abdullayeva tayyorladi.
O‘zA