Farmon va ijro

Bugun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida o‘tkazilgan navbatdagi matbuot anjumanida soha mas’ullari ana shu mavzu doirasida ma’lumot berdi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Vyacheslav Pak va boshqalar 2022 yildagi faoliyat yakunlariga to‘xtalib o‘tar ekan, mamlakatimizda kripto-aktivlar aylanmasi sohasida samarali ishlar qilinganini ta’kidlab o‘tdi.

Xususan, milliy kripto-bozorning institutsional tuzilmasi yaratildi va kengaytirildi. Kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi xizmatlar provayderlari faoliyatini litsenziyalashning yangilangan tizimi joriy etildi.

Agentlikning Kripto-aktivlar aylanmasini rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i Asqarjon Zokirovning qayd etishicha, o‘tgan yil soha rivoji yo‘lida olib borilgan ishlar natijadorligi bilan muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. Ya’ni, bazaviy qonunchilik kuchga kirdi.

– Prezidentimizning 2022 yil 27 apreldagi farmoni asosida Agentlikka tegishli vazifalar yuklatilgan. Bu vazifalar doirasida 2022 yil davomida kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi xizmatlar provayderlari faoliyatini litsenziyalash tartibi to‘g‘risidagi nizom, kripto-birjada kripto-aktivlar savdolarini amalga oshirish qoidalari, kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi faoliyatni amalga oshirish uchun yig‘imlar miqdorini belgilash, ularni to‘lash va taqsimlash tartibi to‘g‘risidagi nizom, kripto-do‘kon faoliyatini amalga oshirish kabi yo‘nalishlarda normativ hujjatlar ishlab chiqildi. Shuningdek, bu davrda xalqaro tajribani o‘rganishga ham e’tibor qaratildi. O‘tgan yil yakunida esa Agentlik, Soliq qo‘mitasi va Moliya vazirligi bilan hamkorlikda kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi faoliyat turlarini, ya’ni belgilangan miqdorda yig‘im to‘lash bo‘yicha tegishli hujjat qabul qilgan. Bu hujjat asosida litsenziya olgan xizmatlar provayderlari har oy yig‘imlarni davlat byudjetiga to‘lab turadi. Shu tariqa, litsenziyalash tizimini yangilash va kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi faoliyatni amalga oshirish uchun yig‘imlarni to‘lash tizimini joriy etish natijasida byudjetga qo‘shimcha 3,5 milliard so‘m mablag‘ jalb etildi. 2023 yilda ham katta rejalarni amalga oshirishni maqsad qilganmiz. Misol uchun aytganda, ayrim normativ hujjatlar ustida ishlash va ularni kuchga kiritish, shuningdek, ishlab chiqilgan mayning faoliyatini tashkil etish borasida chora-tadbirlarni amalga oshirmoqchimiz, – dedi A.Zokirov.

Tadbirda kripto-aktivlar aylanmasi yangi soha bo‘lishiga qaramay, amalga oshirilgan tashabbuslar natijasida kripto-aktivlar milliy bozori institutsional jihatdan, xususan, xizmatlar provayderlarining yangi turlarini joriy etish hisobiga kengaytirilgani alohida e’tirof etildi.

– Bu kabi ishlar samarasida to‘rtta kripto-do‘konga faoliyatni amalga oshirish uchun litsenziya berilgan bo‘lib, ular MDH va Markaziy Osiyodagi ilk qonuniy kripto-do‘konlar hisoblanadi, – dedi Agentlikning Litsenziyalash va ruxsat berish jarayonlari bo‘limi boshlig‘i Nodirjon Jo‘rayev. – Shu bilan birga, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha xalqaro standartlar talablariga rioya etilishini ta’minlash, investorlar huquqlarini himoya qilish mexanizmlarini joriy etish va kripto-aktivlardan noqonuniy maqsadlarda foydalanishning oldini olish Agentlik faoliyatining alohida ustuvor yo‘nalishidir. Ayni chog‘da bu borada ishlar tizimli olib borilmoqda.

Nasiba ZIYODULLAEVA, O‘zA muxbiri