Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Yangi Andijon massividagi “Ipoteka markazi”da muqobil energetikani rivojlantirish va aholi bandligini ta’minlash masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda.

Qayd etilganidek, oxirgi besh yilda 14 ta elektr stansiyasi ishga tushirildi va yillik elektr ishlab chiqarish qo‘shimcha 16 milliard kilovatt soatga ko‘paydi.

Shunga qaramay, bu yil juda sovuq kelgan qish kunlarida respublikada 3,1 milliard kilovatt soat (vodiy viloyatlarida 1,1 mlrd  kVt soat) elektr yetishmovchiligi yuzaga keldi.

Andijonda – 384 million, Namanganda – 288 million, Farg‘onada – 441 million kilovatt soat.

Ayrim kunlari aholining elektrga talabi birdaniga 30 foizga oshgani, ko‘plab avariyalarga ham sabab bo‘ldi.

–Nima uchun mas’ul rahbarlar o‘z hududida yetishmovchilikni qoplash, “yashil energiya”ni joriy qilish, tejamkorlik haqida o‘ylamagan, – dedi davlatimiz rahbari. –Aholi va iqtisodiyot tarmoqlarini energiya resurslari bilan uzluksiz ta’minlash uchun har bir hududda quyidagi ishlarni qilish shart va zarur. Bunda mamlakatimiz sharoitida eng to‘g‘ri yechim bu – qayta tiklanuvchi energiya manbalarini ko‘paytirish.

Bu ishlarni qanday tashkil qilish Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlari misolida ko‘rib chiqilmoqda.

Birinchidan yirik quyosh va shamol stansiyalari loyihalarini tezlashtirish kerakligi aytildi.

Bu yil Pop va Farg‘ona tumanlarida 600 Megavattli 2 ta quyosh stansiyasi quriladi. Shuningdek, Yangi Andijondagi 192 ta ko‘p qavatli uy va 6 ta ijtimoiy ob’ektni kafolatli issiqlik bilan ta’minlash uchun

20 Megavatt quvvatli ko‘mirda ishlaydigan kogeneratsiya loyihasi amalga oshiriladi.

Ushbu stansiya issiqlik bilan birga yiliga

80 mln kVt soat elektr energiya ishlab chiqaradi. Uning 1-bosqichi joriy yil dekabrda ishga tushadi.

Ikkinchidan, vodiy viloyatlarida 160 Megavattli quyosh panellari va 100 ta mikro GESlar quriladi.

 

O‘zA