Buyuk Britaniya, Italiya va Yaponiya joriy yil oxirigacha yangi avlod qiruvchi samolyot yaratish bo‘yicha xalqaro kompaniya tashkil etish niyatida. Bu haqda seshanba kuni Bloomberg agentligi xabar tarqatdi.

Xabarda ta’kidlanishicha, ayni paytda mazkur masala muhokama qilinmoqda, kompaniya tashkil etish muddati o‘zgarishi ham mumkin. Tomonlar hozircha kompaniya qayerda ro‘yxatdan o‘tishi bo‘yicha qaror qabul qilishmagan.  

Muzokaralarda asosiy e’tibor Buyuk Britaniya loyihaning yetakchi hamkori bo‘ladimi yoki tomonlar teng ulushga ega bo‘ladimi, degan masalani oydinlashtirishga qaratilmoqda. Shuningdek, tomonlar  intellektual mulkchilik va tijoriy huquq qaysi mamlakatga tegishli bo‘lishi borasida ham bir to‘xtamga kelgani yo‘q.

2022 yil dekabrda Yaponiya mudofaa vazirligi manbalari Jane’s  axborot-tahliliy guruhiga oltinchi avlod qiruvchi samolyotlarini yaratish istiqboli haqida ma’lumot bergan edi. O‘shanda mazkur Global Combat Air Programme  birlashgan dastur doirasida amalga oshirilayotgan loyihada Yaponiya, Buyuk Britaniya va Italiya ishtirok etishi aytilgandi.

Xabarda keltirilishicha, loyiha Britaniyaning BAE Systems, Yaponiyaning Mitsubishi Heavy Industries, MHI va Italiyaning Leonardo korporatsiyalari tomonidan amalga oshiriladi.