Qaror va ijro

Keyingi paytda qurilish materiallari sanoati rivoji yo‘lida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, sohada investitsion muhitni yaratish, yirik korxonalar faoliyatini yo‘lga qo‘yish, mahsulotlar sonini ko‘paytirish, Mahalliylashtirish dasturi ijrosini ta’minlash kabi chora-tadbirlar bu borada muhim omil bo‘lmoqda.

Shu kabi sa’y-harakatlar sababli 2022 yilda qurilish materiallari sohasida 30,7 trillion so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqarildi. Shundan 11,2 trillion so‘mlik mahsulotlar “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi korxonalari hissasiga to‘g‘ri keladi.

Xususan, sement ishlab chiqarish hajmi soha bo‘yicha 14,6  million tonnani tashkil etib, o‘tgan yilga nisbatan 102,9 foizga o‘sdi. 35 million kvadrat metr qurilish oynasi, 36 million kvadrat metr keramik plitka, 69 million kvadrat metr gipsokarton plitalari, 2,85 million metr kub gazobeton bloklari ishlab chiqarilgan.

Mahalliylashtirish dasturi doirasida esa 1,4 trillion so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqarilib, o‘tgan yilga nisbatan 152,0 foizga oshdi. Soha bo‘yicha 2022 yilda  import hajmi 593,6 million dollarni tashkil qildi.

Bugun Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi  mas’ullari ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida shu haqda so‘z yuritildi.

Unda 2022 yilda qurilish materiallari sanoatida amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha erishilgan natija, yutuq, mavjud muammo va rejalar tahliliga ahamiyat qaratildi.

Qayd etilganidek, 2022 yilda soha bo‘yicha 1,8 milliard dollarlik, shu jumladan, 1,08 milliard dollarlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirilgan. Bunda uyushma bo‘yicha Investitsiya dasturiga asosan 30 ta loyiha doirasida 173 million dollarlik mablag‘lar, shu jumladan, 90,1 million dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri  xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirilgan.

– E’tiborlisi, o‘tgan yilda qiymati 71,2 million dollarlik 12 ta loyiha ishga tushirilib, buning natijasida 952 yangi ish o‘rni yaratildi. Masalan, Sirdaryo viloyatida “Yevroosiyo gazobeton” MCHJ tomonidan jami qiymati 19,5 million dollar hisobiga yillik quvvati 400 ming metr kub gazobeton ishlab chiqarish loyihasi ishga tushirildi. Bu esa yuzta ish o‘rnini yaratish imkonini berdi. Shuningdek, Toshkent viloyatida “AKFA BUILDING MATERIALS” MCHJ tomonidan ham 27,8 million dollar investitsiya  hisobiga yillik quvvati 450 ming metr kub bo‘lgan gazobeton bloklari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi va 100 ta yangi ish o‘rni yaratildi, – dedi “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi  boshqarma boshlig‘i Bahrom Allabergenov.

Anjumanda eksport  salohiyati va uning geografiyasiga ham asosiy urg‘u berildi. Xususan, 2022 yilda 608,0 million dollarlik qurilish mahsulotlar eksport qilingan. Bu ko‘rsatkich 2021 yilga nisbatan 138,7 foizni tashkil etdi.

– Raqamlar tahliliga ko‘ra, 81,9 million dollarlik PVX profil, truba va plastmassa mahsulotlari, 91,8  million dollarlik keramika mahsulotlari, 40,3 million dollarlik alyumin profil va alyumindan yasalgan mahsulotlar, 38,4 million dollarlik oboi va boshqa qog‘oz mahsulotlari eksport qilingan, – dedi “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi  boshqarma boshlig‘i Qosim Muhammadiyev. – Joriy yilning o‘tgan davrida qurilish materiallari eksport geografiyasi an’anaviy hisoblangan bozorlar, ya’ni Qozog‘iston, Rossiya Tojikiston, Qirg‘iziston, Turkmaniston kabi mamlakatlar qatoriga Tailand, Belgiya, Isroil, Ispaniya, Fransiya, Xorvatiya, Belarus, Iroq, Braziliya davlatlari ham qo‘shildi.

Tadbirda 2023 yilda qurilish materiallari sohasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ham ma’lumot berildi. Unga ko‘ra, jami 35,3 trillion so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqarilishi va bunda o‘sish 115 foizni tashkil etilishi kutilmoqda. Shuningdek, Prezidentimizning 2022 yil 28 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining 2023-2025 yillarga mo‘ljallangan investitsiya dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan umumiy qiymati 717,8 million dollarlik 21 ta loyiha bo‘yicha xorijiy investitsiya va  kreditlar  o‘zlashtirish belgilangan. Joriy yil yakuniga qadar  Investitsiya dasturiga asosan 9 ta loyihani ishga tushirish va 860 ta yangi ish o‘rni yaratish ko‘zda tutilgan.


Nasiba ZIYODULLAEVA, O‘zA muxbiri