Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida “Narkologik kasalliklar profilaktikasi va ularni davolash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuniga o‘zgartishlar va qo‘shimcha kiritish haqida”gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

— Yurtimizda narkologik kasalliklarning oldini olish, tashxis qo‘yish va davolash, ularga chalingan shaxslarni tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya qilishni rivojlantirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda, — dedi deputat Muzaffara Abdiyeva. — Xususan, Prezidentimizning “Aholiga narkologik yordam ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan narkologiya xizmatining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va kadrlar salohiyatini oshirish, narkologiya muassasalari faoliyati samaradorligini oshirish, sohaga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etishga qaratilgan vazifalar ijrosi narkologik kasalliklarning oldini olish, tashxis qo‘yish va davolashning yanada takomillashtirilishiga xizmat qilyapti.

“Narkologik kasalliklar profilaktikasi va ularni davolash to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq, narkologik kasallikka chalingan shaxsni majburiy davolashga yuborish to‘g‘risidagi materiallar narkologiya muassasalarining, narkologik kasallikka chalingan shaxs oila a’zolarining yoki qarindoshlarining iltimosnomalari asosida ichki ishlar organlari tomonidan tayyorlanadi va rasmiylashtiriladi.

Fuqarolar xavfsizligi va sog‘lig‘iga tahdid solayotgan yoxud jamoat tartibini, boshqa shaxslarning huquqlarini buzish, psixofaol moddalar ta’siridan mastlik holatida ma’muriy huquqbuzarliklar sodir etish holatlarining barvaqt oldini olishda ichki ishlar organlari faoliyatining samaradorligini oshirish maqsadida qonun loyihasi bilan narkologik kasallikka chalingan shaxsni majburiy davolashga yuborish to‘g‘risidagi materiallarni ichki ishlar organlarining tashabbusi bilan ham rasmiylashtirish belgilanmoqda.

Shuningdek, narkologik kasallikka chalingan shaxsni majburiy davolashga yuborish to‘g‘risidagi materiallar tayyorlash mexanizmi ochib berilmoqda.

Yig‘ilishda qonun loyihasini moddama-modda muhokama qilish davomida deputatlar qator savol va e’tirozlarini, takliflarini bildirdilar. Tortishuv va qizg‘in bahs-munozalardan so‘ng, qonun loyihasi qabul qilindi.

Muhtarama Komilova, O‘zA