Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) hisob-kitobi bo‘yicha joriy yilda neft 16,2 foizga arzonlashib bir barreli 81,13 dollargacha tushadi. XVJning dunyo iqtisodiyotiga bag‘ishlangan ma’ruzasida shu haqda aytilmoqda.

“2023 yilda neft narxi taxminan 16 foizga tushadi”, – deyiladi ma’ruzada.

“2023 yilda o‘rtacha kutilayotgan narx fyuchers bozorlarda 81,13 dollarga tushadi va 2024 yilga kelib bu ko‘rsatkich 75,36 dollarni tashkil etadi”, – deyiladi hujjatda.

XVJ hisob-kitobicha, “energiya quvvatlari bozori Ukraina mojarosi tufayli kelib chiqqan iqtisodiy larzalarga kutilgandan ham tez moslashmoqda”. Shunga qaramay o‘tgan yili “energiya quvvatlari va oziq-ovqat narxlarining keskin ko‘tarilishi hayot kechirish qiymatida inqirozni yuzaga keltirdi, deyiladi xabarda.

Jamg‘armadagilarning ta’kidlashicha, Ukraina mojarosi tufayli neft, gaz va oziq-ovqat narxlarining kutilgandan ham yuqorilab ketishi “umumiy inflyatsiyani yana qaytadan tezlashtirib yuborishi mumkin”.