Mamlakatimizdagi barcha davolash-profilaktika muassasalari, ayniqsa, poliklinikalarda tibbiy psixologlar shtati joriy qilingan. Ayni paytda suitsidologiya xizmati ham yo‘lga qo‘yilgan.

Suitsidning oldini oladigan mutaxassis – bu tibbiy psixologdir. U depressiyani davolab, xarakter o‘zgarishlarini korreksiya qiladi. Suitsidga olib keluvchi kasalliklarni faol bartaraf etadi. Hech qachon bemor “Men o‘z jonimga qasd qilmoqchi edim” deb suitsidologga bormaydi. Biroq boshqa kasalliklarni ro‘kach qilib, tibbiy psixologga keladi. Masalan, psixiatrga bemorni zo‘rlab olib borasiz, psixologga esa har bir inson o‘z xohishi bilan boradi, hech bo‘lmaganda o‘zini-o‘zi anglashi uchun.

– Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Buxoro filialida 2002 yil toksikologiya bo‘limi tashkil qilingan, – deydi filialning toksikologiya bo‘lim mudiri Z.Quvatov. – Bu bo‘limda zaharlanishlar, allergik holatlar, o‘z joniga qasd qilishlar orqali keltirilgan bemorlar davolanadi. Bo‘lim 10 shifo o‘rniga mo‘ljallangan bo‘lib, 2022 yilda 1 ming 318 nafar bemor davolanib chiqqan. Shundan 177 tasi suitsidlar yoki o‘z joniga qasd qilgan bemorlardir. Bemorlarni o‘z joniga qasd qilishiga, oilaviy muammolar, iqtisodiy yetishmovchiliklar, muhabbat mojarolari, qasd olish maqsadlari va hokazolar asosiy omil bo‘lmoqda Bundan tashqari, psixotrop dorilardan zaharlanishlar suitsidlarning yuqori darajasini tashkil qilmoqda. O‘tgan yil shu yo‘nalishda 26 ta holat qayd etilgan. O‘z joniga qasd qilish orqali davolangan bemorlarning 2 tasi o‘lgan. Suitsid holatlari 19-45 yoshli insonlar o‘rtasida ko‘p uchramoqda. 2021 yil bemorlar soni 72 ta bo‘lgan bo‘lsa, 2022 yilda 112 taga yetgan. Suitsid holatlari keyingi yillarda ko‘p qayd qilinayotganligini inobatga olgan holda, biz shifokorlar ham aholi o‘rtasida tushuntirish-targ‘ibot ishlarini kuchaytirishimiz lozim. Ayniqsa, o‘quv yurtlari, yoshlar ishlaydigan muassasalar, mahalla fuqarolar yig‘inlarida suitsid mavzusiga qaratilgan targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib borishni kuchaytirish maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Ma’lumot uchun, dunyoda har yili 1 million odam suitsid orqali hayotdan ko‘z yumadi (Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlari, 2016 yil). Bu ko‘rsatkich 100 000 aholiga o‘rtacha 16 kishini tashkil qiladi. Dunyo miqyosida Rossiya (26,5), Litva (25,7) va Qozog‘iston (22,8) davlatlarida suitsid holatlari ko‘p uchraydi.

Masalan, 2012 yil Janubiy Koreyada suitsid darajasi 28,9 ni tashkil qilgan. E’tibor qilinadigan bo‘lsa, hayot darajasi yuqori bo‘lgan davlatlarda suitsid darajasi ham yuqori bo‘lib qolmoqda. Musulmon davlatlarida suitsid darajasi ancha past hisoblanadi. Masalan, 100 000 aholiga Qirg‘izistonda 9,1, O‘zbekistonda 7,4, Turkiyada 7,2, Turkmanistonda 7,2, Bahraynda 5,7, Saudiya Arabistonida 3,4, Tojikistonda 3,3, Birlashgan Arab Amirliklarida 2,7, Ozarbayjonda 2,6, Quvaytda 2,2 suitsid ro‘y beradi. (JSST, 2016 yil).

Yillab urush girdobida qolgan davlatlarda suitsid kam uchrashi e’tiborni tortadi. Masalan, Afg‘onistonda bu ko‘rsatkich 6,4, Iroqda 4,1, Livan 3,2, Suriyada 2,4 suitsid ro‘y beradi. Karib dengizi davlatlari va Bagam orollarida suitsid juda kam uchraydi. Suitsidologlar fikricha, ushbu ko‘rsatkichlar turli davlatlarda rasmiy statistikada ko‘rsatilgan ma’lumotlardan ancha yuqori bo‘lishi mumkin. Chunki baxtsiz hodisa bilan suitsidni har doim ham farqlash oson emas va ba’zi davlatlarda suitsidning haqiqiy ko‘rsatkichi yashiriladi. Suitsid boy va kambag‘alni tanlamaydi. Ko‘rib turganingizdek, biz havas qiladigan rivojlangan davlatlarda suiqasd juda ko‘p uchraydi. Demak, suitsid – atrof-muhitda ro‘y berayotgan falokatli voqealarga shaxsiy reaksiya. Hamma narsa shaxsning o‘ziga va uni o‘rab turgan muhitga bog‘liq. Qanday yashash Sizning o‘zingizga bog‘liq. Birov bilan ishingiz bo‘lmasin, ularning xatosini qaytarmaslikka harakat qiling.

XX asr boshida buyuk psixoanalitik Zigmund Freyd “Hayot qoniqishdan iborat” degan edi. Demak, har bir inson hayotdan qoniqib yashashi kerak. Aks holda uning miyasiga turli yomon fikrlar kelaveradi. Suitsidni oldini olish bilan asosan tibbiy va umumiy psixologlar, sotsiologlar hamda psixiatrlar shug‘ullanadi. Suitsidologlar esa, asosan, suitsidga urinishlar ro‘y berib tirik qolganlar bilan ishlashadi. Suitsidologning o‘zi ham kuchli psixolog bo‘lishi kerak. Psixiatrlar ruhiy kasalliklarni (12-18 foiz) davolab suitsidning oldini olsa, tibbiy psixologlar nevroz, depressiya va fobiyani (72-80 foiz) davolab suitsidning oldini oladi. Bu raqamlardan ko‘rinib turganidek, suitsidning oldini olishda asosiy yuk tibbiy psixologlar va psixoterapevtlarga tushadi.

Zarif Komilov,  

O‘zA