Prezident tashrifidan so‘ng…

Shavkat Mirziyoyev Prezidentlik faoliyatining dastlabki davrlaridanoq Islom Karimovning xotirasini abadiylashtirish bo‘yicha tegishli qarorlarni imzoladi. Xususan, mamlakatimizda birinchi prezident tavallud topgan kunni – 30 yanvarni nishonlash an’anaga aylandi.

Kuni kecha davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasiga tashrif buyurdi. Birinchi prezidentimiz haykali poyiga gulchambar qo‘ydi.

Davlat rahbari tashrifidan so‘ng Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasi rahbari Temir Shirinov bilan suhbatlashdik.

– Mustaqil O‘zbekiston taraqqiyotiga daxldor bo‘lgan, xalq mehrini qozongan davlat va siyosat arbobi Islom Karimov xotirasi hamisha yurtdoshlarimiz yodida. Bugun mustaqilligimiz davri tarixi haqida ko‘p gapirilmoqda. Xalqimiz bu tarix bilan g‘ururlanadi. Prezidentimiz Ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuaga tashrifi chog‘ida Birinchi Prezident muzeyini tashkil etish ishlarining borishi bilan ham tanishdi. Shu kunlarda muzeyning yaratilish ishlari yakunlanmoqda. Prezidentimiz bu dargohning ochilishi uchun ishlarni jadallashtirish, bu jarayonda nimalarga ahamiyat berishimiz kerakligi bo‘yichi tavsiyalarini berdi. Muzeyni tashkil qilish jarayonida 1 ming 200 dan ortiq eksponat jamlandi. Shuningdek, har bir zal va bo‘limda zamonaviy axborot texnologiyalari imkoniyatlaridan foydalanildi. Yuzga yaqin elektron qurilmalar – planshet va ekranlar ishlatildi. Natijada bu maskan boshqa prezidentlar, siyosiy arboblarga bag‘ishlangan muzeylarning eksponatlariga nisbatan qaralganida eng boylaridan biri bo‘ldi. Davlatimiz rahbarining o‘tmishni unutmaslik nuqtai nazaridan qilayotgan bu kabi ezgu ishlari xalqimiz, keng jamoatchilik vakillari, ekspertlar tomonidan juda yuqori baholanayotganini alohida e’tirof etish lozim.


Ikrom Avvalboyev, O‘zA