Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida deputatlar Vazirlar Mahkamasining 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturining 2022 yilda bajarilishi to‘g‘risidagi hisobotini muhokama qilyapti.

Kun tartibidagi masala yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari J.Qo‘chqorov ma’ruza qilmoqda.

Qonunchilik palatasining yalpi majlisida ta’kidlanganidek, Hukumat tomonidan Davlat dasturi o‘z vaqtida, to‘liq va sifatli bajarilishini ta’minlash maqsadida tegishli chora-tadbirlar ko‘rildi. Natijada, 2022 yilda yalpi ichki mahsulotning o‘sishi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 105,7 foizni, shundan yalpi ichki mahsulot tarkibida sanoat – 105,2 foizni, xizmatlar – 108,5 foizni, qishloq, o‘rmon va baliqchilik xo‘jaligi – 103,6 foizni tashkil qildi. Davlat byudjetining jami xarajatlari 236,6 trln. so‘mni, shundan ijtimoiy sohalarga yo‘naltirilgan xarajatlar 177,7 trln. so‘mni tashkil qildi.

Davlat dasturi ijrosi doirasida maktabgacha ta’limdagi qamrov darajasini oshirish bo‘yicha zarur choralar ko‘rildi. Masalan, 647 ming 655 nafar 6 yoshli bolalar (90 foiz) maktabga tayyorlov tizimi bilan qamrab olinib, qamrov darajasi 67 foizdan 90 foizga yetkazildi. Shu bilan birga, 2 ming 48 ta nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Maktablarda ta’lim sifatini oshirish, pedagog-kadrlarning bilimi va malakasini xalqaro darajaga olib chiqish maqsadi bo‘yicha ham qator ishlar qilindi. Jumladan, pedagoglarni yangi metodikalarga o‘rgatish milliy markazlarida 100 ming nafar, maxsus platforma orqali 44 ming 979 nafar o‘qituvchi malakasi oshirildi. Yil boshiga nisbatan toifaga ega o‘qituvchilar soni 220 ming 110 nafardan 325 ming 818 nafarga yoki 43,8 foizdan 64,8 foizga oshirilishi ta’minlandi.

 

M.Komilova,  

O‘zA