Joriy yil 26 yanvarda “Paxta xomashyosi yetishtiruvchilar faoliyatini yanada qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan paxta-to‘qimachilik klasterlari faoliyatiga noqonuniy aralashish, ularning ta’sischilarini yig‘ilishlar va boshqa tadbirlarga chaqirish, fermerlar bilan bo‘ladigan munosabatlariga ta’sir o‘tkazish qat’iyan man etiladi.

Paxta-to‘qimachilik klasterlariga to‘rt tomonlama bitim doirasida olingan majburiyatlardan tashqari qo‘shimcha majburiyatlarni yuklash taqiqlanadi. 2023 yil hosilidan har yili 1 oktyabrgacha paxta-to‘qimachilik klasterlari tomonidan fermer xo‘jaliklari bilan kelgusi yil hosili uchun paxta yetishtirish bo‘yicha fyuchers shartnomalari tuziladi.

Shuningdek, 2023 yildan xorijdan olib kelingan va respublikamizda ishlab chiqarilgan lazerli qurilmaga ega avtomatlashtirilgan yer tekislagich agregatlarini sotib olgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilariga ular qiymatining 30 foizi qoplab beriladi. Paxta yetishtiriladigan maydonlarni nasos orqali sug‘orishda sarflanadigan elektr energiyasi xarajatlarining 50 foizigacha qismi qoplab beriladi.

2025 yil 1 yanvargacha import qilinadigan ayrim mineral o‘g‘itlarga bojxona bojining “nol” stavkasi qo‘llaniladi.

O‘zA