Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida FVV bo‘lim boshlig‘i Abdusami Ahmadov ishtirokida brifing tashkil etildi va Nukus shahrida sodir bo‘lgan havo-gaz aralashmasining chaqnashi bilan bog‘liq holat yuzasidan ma’lumot berildi.

Qayd etilishicha, joriy yil 29 yanvar kuni soat 16:15 larda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahri «Temir yo‘l» mahallasidagi 4 qavatli uyning to‘rtinchi qavatida joylashgan xonadonlarning birida havo-gaz aralashmasining chaqnashi natijasida portlash sodir bo‘lgan.

Yuzaga kelgan kinetik zarba natijasida bino konstruksiyalariga qisman shikast yetgan. Hodisa joyida FVV qutqaruvchilari va tegishli idoralar tomonidan qidiruv-qutqaruv va vaziyat oqibatlarini bartaraf etish ishlari olib borilgan. Qidiruv-qutqaruv ishlar davomida 30 yanvar kuni soat 02:30 larda FVV qutqaruvchilari tomonidan turli darajadagi jarohatlar bilan vayronalar ostida qolib ketgan 5 yoshli qizaloq chiqarib olinib, malakali tibbiy yordam ko‘rsatish uchun shifoxonaga yuborilgan.

Shuningdek, oradan 30 daqiqa o‘tib bino konstruksiyalari orasidan bir nafar fuqaroning jasadi topilgan edi. Erta tongga kelib, vayronalar ostidan yana 4 nafar fuqaroning jasadi topilib, jami halok bo‘lganlar 5 nafar bo‘ldi.

Hozirda voqea joyiga Favqulodda vaziyatlar vaziri general-mayor Abdulla Qo‘ldoshev boshchiligidagi mutasaddilar yetib borgan, hodisa oqibatlari bartaraf etilmoqda. Mazkur holat yuzasidan dastlabki tergov oldi surishtiruv ishlari boshlab yuborildi.

Shu o‘rinda Favqulodda vaziyatlar vazirligi sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan gaz va havo aralashmasining chaqnashi, yong‘in hamda is gazidan zaharlanishning oldini olish maqsadida, quyidagilarga rioya qilishingizni so‘rab qoladi.

Xususan, gaz va muqobil yoqilg‘i (ko‘mir, o‘tin neft mahsulotlari va boshqalar) turlaridan foydalanishda xavfsizlik qoidalariga qat’iy rioya etilishi lozim. Agar xonada gaz hidi chiqsa, chiroq va uchqun chiqaruvchi moslamalardan foydalanish taqiqlanadi. Darhol xonani shamollatish chorasini ko‘rish kerak bo‘ladi. Gazni zudlik bilan o‘chirib, xona derazalarni ochish lozim. Yorituvchi hamda boshqa elektr asboblar yoqilmasligi, yoniq bo‘lsa, o‘chirmaslik kerak.

Nostandart (qo‘lbola yasalgan) yoki sertifikatga ega bo‘lmagan isitish pechlari va anjomlaridan foydalanish hamda gaz yoki boshqa muqobil yoqilg‘iga moslashtirilgan isitish pechlari hamda suyultirilgan uglevodorod gaz balonlarini (anjomlari)ni dam olish (uxlash) xonalariga olib kirish mumkin emas. Isitish pechlari dudburonlarining toza va soz holatda bo‘lishini ta’minlash muhim.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA