Davlatimiz rahbarining 26-27 yanvar kunlari Qirg‘iz Respublikasiga qilgan davlat tashrifi yuzasidan nafaqat mahalliy, balki xorijiy ekspertlar ham qizg‘in fikr bildirmoqda.

Fotima Badaviy, Misrning «Axbor al-Yaum» gazetasi muxbiri:

– Shavkat Mirziyoyevning Qirg‘izistonga davlat tashrifi va Sadir Japarov bilan o‘tkazgan samarali, ta’bir joiz bo‘lsa, tarixiy uchrashuvi natijalari boshqalar uchun namuna bo‘la oladigan darajada kechdi.

O‘zbekiston Prezidenti Qirg‘izistonni muhim strategik hamkor, eng yaqin qo‘shni va vaqt bilan sinalgan do‘st, deya e’tirof etishi ikki davlat o‘rtasidagi munosabat mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarilganidan dalolat.

O‘zbekiston-Qirg‘iziston chegarasini delimitatsiya qilish yakunlangani, Qambarota GES-1 qurilishi bo‘yicha hamkorlik, tashrif doirasida turli sohalarni qamrab olgan 25 hujjat imzolangani ikki qardosh xalq do‘stligi uchun mustahkam poydevor bo‘ladi.

Mazkur tashrifning ko‘lami, maqsadi mamlakatlar o‘rtasidagi uzoq muddatga mo‘ljallangan do‘stlik, ishonchli sheriklikka puxta zamin yaratdi.

O‘tgan yil yakunida o‘zaro tovar ayirboshlash  1,3 milliard dollarga yetgan,  300 dan ziyod qo‘shma korxona tashkil etilgan. Tashrif arafasida bo‘lib o‘tgan biznes-forum doirasida umumiy qiymati 1,6 milliard dollarlik salmoqli bitimlar to‘plami imzolandi. Demak, mamlakatlar iqtisodiyoti bir-birini to‘ldiradi. Qolaversa, o‘rtada ulkan salohiyat ham mavjud.

Menga ma’qul kelgan yana bir jihat shuki, O‘zbekiston rahbariyatining Markaziy Osiyo miqyosida olib borayotgan tashqi siyosati butun mintaqada xavfsizlik mustahkamlanishiga, chegaralar aro savdo faollashuviga olib keldi.

Zero, yaqin qo‘shnichilik rishtasini, o‘zaro ishonchni mustahkamlash aholi farovonligi, mamlakatlar barqarorligi kafolatidir.

Maks SEY, «Kingsley Strategic Institute» instituti ijrochi direktori (Malayziya):

– So‘nggi yillarda O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi munosabat mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarilib, yuu borada tarixiy natijalarga erishildi. Xususan, siyosiy muloqot faollashdi, savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy aloqa kengaydi. O‘zbekiston-Qirg‘iziston chegarasini delimitatsiya qilish yakunlandi, hududlararo hamkorlik faollashdi.

Bishkekda bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi muzokaralar o‘zaro savdo hajmini oshirish, sanoat kooperatsiyasini kengaytirish, energetika, elektrotexnika, to‘qimachilik, tog‘-kon sanoati, agrosanoat va boshqa sohalardagi loyihalarni amalga oshirishdan tomonlar birdek manfaatdorligini yana bir bor namoyon etdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ta’kidlangan o‘zaro manfaatli hamkorlikning ustuvor jihatlari juda muhim va o‘z vaqtida belgilangani bilan e’tiborli. Endi tomonlar o‘zaro savdoni va nomenklaturani kengaytirish, avtomobilsozlik, zamonaviy maishiy texnika va qurilish materiallari ishlab chiqarish, foydali qazilmalarni birgalikda qazib olish va qayta ishlash kabi sohalarda yangi investitsiya loyihalarini ishlab chiqadilar.

Transport-logistika sohasidagi sheriklikni kengaytirish har ikki mamlakat uchun strategik ahamiyatga ega. Shu nuqtai nazardan Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘li qurilishini jadallashtirish o‘zaro savdoni, sarmoyaviy aloqa ko‘lamini kengaytirish, birgalikda loyihalar amalga oshirish uchun mustahkam poydevor yaratadi.

Mohib Ahmad XON, «Atyab Foodtech» kompaniyasi bosh menejeri (O‘mon):

– Yangi O‘zbekiston uchun Markaziy Osiyo davlatlari bilan do‘stlik, yaqin qo‘shnichilikni, o‘zaro manfaatli aloqani rivojlantirish tashqi siyosatning ustuvor yo‘nalishi sifatida belgilangan. Shu nuqtai nazardan O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 26-27 yanvar kunlari Qirg‘izistonga qilgan davlat tashrifi o‘ta muhim ahamiyatga ega.

Qayd etish joiz, so‘nggi yillarda O‘zbekiston va Qirg‘iziston rahbarlarining siyosiy irodasi, puxta o‘ylangan va pragmatik siyosati natijasida suv resurslaridan oqilona foydalanish, davlat chegarasini delimitatsiya va demarkatsiya qilish, transport kommunikatsiyalari samaradorligini oshirish kabi ko‘plab dolzarb maslalarga yechim topildi.

Navbatdagi muzokara davomida qabul qilingan eng muhim hujjatlardan biri – Keng qamrovli strategik sheriklik to‘g‘risidagi deklaratsiya, shubhasiz, ikki qo‘shni mamlakatning, qardosh xalqning umumiy manfaati yo‘lidagi hamkorlik yanada rivojlanishiga xizmat qiladi.

Tomonlar korxonalar va sarmoyadorlar ishtirokida energetika va kon tarmog‘ida, jumladan, ko‘mir sanoatida yirik infratuzilmaviy loyihalar amalga oshirilishidan manfaatdor ekanini ta’kidladi. Bu boradagi ishlarni tizimli asosda tashkil etish uchun O‘zbekiston-Qirg‘iziston taraqqiyot jamg‘armasi faoliyati kengaytiriladigan bo‘ldi.

Umuman, O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasida savdo-iqtisodiy munosabat yaxshilanishi ikki birodar xalq farovonligi, mintaqaning investitsiyaviy jozibadorligini oshiradi, xorijiy davlatlar va sarmoyadorlar bilan hamkorlik uchun

keng imkoniyat yaratadi.

Pak Jung XO, Xalqaro iqtisodiy siyosat institutining Rossiya-Yevroosiyo guruhi rahbari (Janubiy Koreya):

– O‘zbekiston-Qirg‘iziston munosabati barcha sohalarda jadal ravnaq topayotgani bilan ajralib turadi. Har ikki tomon o‘zaro aloqani yanada chuqurlashtirishga katta ahamiyat bermoqda. Muhimi, yaxshi qo‘shnichilikni mustahkamlashga bo‘lgan umumiy intilish e’tirofga loyiq. Prezident Shavkat Mirziyoyevning Qirg‘izistonga davlat tashrifi buni yana bir bor tasdiqladi.

Tashrif yakuni bo‘yicha imzolangan muhim hujjatlar to‘plami o‘zaro manfaatli hamkorlikni chuqurlashtirish yo‘lidagi yana bir dadil qadam bo‘lib, mintaqada tinchlikni ta’minlashga ham xizmat qilishiga shubha yo‘q.

 

 

O‘zA