Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning qo‘shni Qirg‘iz Respublikasiga davlat tashrifi ikki davlatning buguni va kelajagini belgilovchi muhim manfaatli shartnomalarning imzolanishi hamda xalqlarimiz o‘rtasidagi yaqin qo‘shnichilik aloqalarining yanada mustahkamlanishiga xizmat qiladi.

Davlatimiz rahbarining Qirg‘iz Respublikasiga tashrifi amaliy jihatlari, hamkorlik istiqbollari yuzasidan Parlament quyi palatasi deputatlari o‘z fikrlarini bildirdi.

Qodir JO‘RAEV, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Xalqaro ishlar va parlametlararo aloqalar qo‘mitasi raisining o‘rinbosari:

– O‘zbek va qirg‘iz o‘rtasida ko‘p qirrali aloqalar yaxshi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, so‘nggi 5-6 yildan buyon ulkan ijobiy o‘zgarishlar sodir bo‘ldi. Samarali hamkorlik zamirida ikki mamlakat milliy manfaatlari hamda davlat rahbarlarining o‘zaro ishonchga asoslangan doimiy muloqoti mujassam bo‘lmoqda.

Hozirda o‘zaro hamkorlik ko‘plab sohalarda rivojlanib, strategik sheriklikning yangi darajasiga ko‘tarildi. Ikki mamlakat o‘rtasidagi bordi-keldi aloqalar misli ko‘rilmagan darajada rivojlanmoqda.

Savdo-iqtisodiy munosabatlarga nazar tashlasak, ular dinamik tarzda o‘sib borayotganini ko‘rishimiz mumkin. 2016 yildan 2022 yilgacha bo‘lgan davrda O‘zbekistonning Qirg‘iziston bilan tovar aylanmasi 7 barobarga o‘sib, 167,5 million dollardan 1 milliard 260 million dollarga yetdi. Yaqin yillarda mamlakatlar o‘zaro tovar aylanmasi miqdorini 2 milliard dollarga yetkazish rejalashtirmoqda.

Ikki mamlakatning ko‘p qirrali hamkorligida parlamentlararo aloqalar ham muhim o‘rin tutadi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yilda Qirg‘izistonga tashrifi davomida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi va Qirg‘iz Respublikasi Joqorgu Keneshi o‘rtasida parlamentlararo hamkorlik bo‘yicha memorandum imzolandi.

Ikki mamlakat parlamentlari o‘rtasidagi hamkorlikni yuqori darajaga olib chiqish maqsadida 2020 yilda Parlamentlararo komissiya tashkil qilindi. bugungi kunga qadar mazkur Komissiyaning 2 marta (2018 yilda Farg‘ona shahrida va 2019 yilda O‘sh shahrida) yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Davlatimiz rahbarining 2017 yil sentyabr oyida Qirg‘izistonga davlat tashrifi ikki tomonlama munosabatda tub burilish yasadi. Xususan, nafaqat ikki mamlakat, balki butun mintaqa davlatlari o‘rtasida savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar aloqalarni butunlay yangi mazmun bilan boyitib, yuqori bosqichga olib chiqish jarayonini tezlashtirdi.

Zero, tashrif chog‘ida O‘zbekiston – Qirg‘iziston davlat chegarasi to‘g‘risida shartnoma imzolandi. Unga ko‘ra o‘zaro chegaraning salkam 85 foizi belgilab olindi. Mazkur shartnoma imzolangandan so‘ng o‘zbek – qirg‘iz chegarasida 18 ta nazorat punkti ochildi. Bu esa ikki mamlakat fuqarolariga ancha qulaylik yaratdi.

2017-2022 yillar mobaynida esa chegaraning qolgan 15 foiz (bahsli) uchastkalarida delimitatsiya va demarkatsiya qilish ishlari olib borildi. Har ikki tomondan ham alohida komissiya tuzilib, goh O‘zbekistonda, goh Qirg‘izistonda, bir necha bor uchrashuv va muzokaralar o‘tkazildi. Ta’kidlash joizki, komissiya o‘ta murakkab masalalarni ko‘rib chiqdi va katta natijalarga erishdi.

Nihoyat, 2022 yilning 3 noyabrida Bishkek shahrida O‘zbekiston Respublikasi bilan Qirg‘iziston Respublikasi o‘rtasida o‘zbek-qirg‘iz Davlat chegarasining alohida uchastkalari to‘g‘risidagi Shartnoma hamda Andijon (Kampirobod) suv ombori suv resurslarini birgalikda boshqarish to‘g‘risida alohida  bitim imzolandi.

Mazkur shartnomaga muvofiq o‘zbek-qirgiz Davlat chegarasining 35 ta uchastkalarini o‘z ichiga olgan umumiy uzunligi 302,29 km bo‘lgan chegara chizig‘ini delimitatsiya qilish ishlari yakuniga yetkazildi. 2022 yilning dekabr oyida ushbu shartnoma va bitim har ikki mamlakat parlamentlari tomonidan ratifikatsiya qilindi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 26-27 yanvar kunlari davlat tashrifi bilan ushbu mamlakatda bo‘lishi ko‘p tomonlama o‘zbek — qirg‘iz munosabatlarining keyingi yillarda yanada faollashgan harakatlari mantiqiy davomi bo‘ldi.

Bishkekdagi “Ala-Archa” davlat qarorgohida bo‘lib o‘tgan uchrashuv davomida oxirgi ikki yilda o‘zaro munosabatlarni mutlaqo yangi darajaga olib chiqishga erishilgani, O‘zbekiston-Qirg‘iziston chegarasining delimitatsiyasi yakuniga yetkazilgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Muzokaralarda ikki tomonlama siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-kommunikatsiya, suv-energetika va hududlararo hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Ishonchimiz komilki, ushbu tashrif ikki mamlakat o‘rtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, transport, mintaqalararo, madaniy-gumanitar hamda parlamentlararo aloqalarni yanada kengaytirishga ijobiy turtki beradi. Umuman, ikki qardosh mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini yanada chuqurlashtirishga zamin yaratadi.

Dilbar MAMAJONOVA, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zXDP fraksiyasi a’zosi:

– O‘zbek va qirg‘iz xalqlarini bog‘lab turgan rishtalar uzoq o‘tmishga borib taqaladi. Tarixi, dini, tili va madaniyati mushtarak bo‘lgan qo‘shni Qirg‘iz Respublikasi bizning muhim strategik hamkorimiz, eng yaqin qo‘shnimiz, do‘stimiz bo‘libgina qolmay, ikki xalqni yaqin qarindosh-urug‘chilik rishtalari ham bog‘lab turadi. Ikki xalq o‘rtasidagi munosabatlar keyingi yillarda mutlaqo yangi darajaga chiqdi.

Yaxshi qo‘shnichilik aloqalari davlatlar o‘rtasida sanoat, to‘qimachilik, energetika, kon va qishloq xo‘jaligi sohalarida yangi investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish imkonini beradi.

Davlatimiz rahbari o‘zaro munosabatlarni mustahkamlashga qaratilgan asosiy ustuvor yo‘nalishlarga to‘xtalib, birinchi navbatda o‘zaro savdo hajmini oshirish va nomenklaturasini kengaytirish masalalarini ilgari surdi. bugungi kunda ikki davlatda ham o‘zimizning ishlab chiqaruvchilarimiz import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar tayyorlamoqda. Ichki bozorlarimizni arzon va sifatli mahsulotlar bilan to‘ldirish, shuningdek, ikki mamlakat poytaxtlarida savdo markazlarini tashkil etish tadbirkorlarimiz uchun katta imkoniyatlar eshigini ochadi.

Shu bilan birga, sanoat kooperatsiyasi doirasida qariyb 500 million dollarlik yangi investitsiya loyihalarini ishlab chiqish taklifi qo‘shimcha ish o‘rinlarining yaratilishiga imkon beradi. Ma’lumki, mamlakatimizda avtomobilsozlik, zamonaviy maishiy texnika, qurilish materiallari ishlab chiqarish keng rivojlanib bormoqda. Foydali qazilmalarni birgalikda qazib olish va qayta ishlash ham shular jumlasiga kiradi.

Prezidentimiz qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash orqali oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashni muhim yo‘nalish deb qayd etdi. Buning uchun intensiv bog‘lar va issiqxona xo‘jaliklarini rivojlantirish, kartoshka, meva-sabzavot va chorvachilik mahsulotlarini yetkazib berish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish va shunga o‘xshash boshqa qo‘shma loyihalarni ishga tushirishga qaratilgan agrokooperatsiya dasturi amalga oshiriladi. Buning natijasida ikki xalq dasturxoni to‘kin-sochin bo‘lishiga erishiladi.

Transport va logistika sohasidagi strategik hamkorlikni faollishtirish va shu maqsadda, “Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston” temir yo‘lini qurish ishlarini jadallashtirish, “Andijon-O‘sh-Irkishtom” avtomobil yo‘lining salohiyatini to‘liq ishga solish va qo‘shma transport-logistika kompaniyasi tashkil etilishi esa ikki xalqni bir-biriga bog‘lovchi, qarindosh-urug‘chilik rishtalarni mustahkamlovchi “ko‘prik” bo‘ladi, albatta. Shu o‘rinda, mamnuniyat bilan ta’kidlash mumkin-ki, 26 yanvardan boshlab Farg‘onadan Qirg‘izistonga mikroavtobus qatnovi qayta tiklandi.

Umuman olganda, tashrif davomida qator strategik sohalar bo‘yicha muhim kelishuvlarning imzolanganligi mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik rivojida tarixiy ahamiyat kasb etish bilan birga, qardosh o‘zbek va qirg‘iz xalqlari manfaatlariga xizmat qiladi.

O‘zA muxbiri Sh.Ne’matov tayyorladi