Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari hayotimizga jadal kirib kelayotgan bugungi kunda nafaqat mahsulot, balki xizmatni ham AKT orqali sotish va xarid qilish imkoni paydo bo‘lgan.

Mamlakatimizda ham AKTni jamiyatning barcha sohalariga joriy etish hamda zamonaviy texnologiyalardan foydalanish, fuqarolarning axborotga ortib borayotgan talab-ehtiyojini yanada to‘laroq qondirish, jahon axborot jamiyatiga kirish, jahon axborot resurslaridan foydalanishni kengaytirish uchun qulay shart-sharoit yaratilmoqda.

“Axborot texnologiyalari atamalarining izohli lug‘ati” kitobi yaratilishi ayni yo‘nalishdagi ishlarning davomi.

Raqamli texnologiyalar vazirligi hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan mazkur kitob taqdimoti o‘tkazildi.

Izohli lug‘atni yaratishdan ko‘zlangan asosiy maqsad AKT sohasi xodimlari, oliy va o‘rta maxsus o‘quv yurtlari talabalari hamda barcha qiziquvchilar foydalanishi mumkin bo‘lgan terminologik bazani shakllantirish, qolaversa, AKT sohasida o‘zbek tilini joriy qilish imkoniyatini yanada kengaytirish hamda atamalarning nafaqat o‘zbek tilidagi ekvivalenti, balki ma’nodoshini ham to‘g‘ri, aniq tanlash imkonini yaratishdan iborat.

Alifbo tartibida joylashtirilgan 10 mingga yaqin atamani o‘z ichiga olgan ushbu lug‘at vazirlik hamda “UNICON.UZ” DUK mutaxassislari tomonidan ishlab chiqildi.

Lug‘atni tuzishda texnikaga oid xorijiy adabiyotlar, ma’lumotnomalar, normativ hujjatlar, o‘quv qo‘llanmalari, Xalqaro elektr aloqa ittifoqi tavsiyalari hamda Internet materiallaridan foydalanildi.

Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosidagi atamalarning ta’rifi va ingliz, rus tillaridagi muqobili keltirilgani ushbu lug‘atning qulay jihatlaridan yana biri.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan 2000 nusxada nashr qilingan kitob nafaqat Raqamli texnologiyalar vazirligi tizimidagi korxona, tashkilotlar, balki mamlakatimizda faoliyat yurituvchi barcha vazirlik, idoralar, mahalliy hokimliklarga bepul tarqatiladi.

Taqdimot davomida O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan 2022 yilda amalga oshirilgan ishlar, nashr qilingan izohli lug‘atlar haqida ham batafsil ma’lumot berildi. Bundan tashqari, kundan kunga rivojlanib borayotgan soha sifatida ITga kirib kelayotgan yangi atamalar jamlanib, ushbu izohli lug‘at keyinchalik yanada boyitilib, qayta chop etilishi ma’lum qilindi.

– Sir emas, bugungi kunda joy nomlari, chetdan kirib kelgan atamalar juda ko‘p muhokamalarga sabab bo‘lyapti, – deydi Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti Tabiiy geografiya kafedrasi o‘qituvchisi Muxriddin Avezov. – Ana shunday muhokama va bahslarga barham berish maqsadida “O‘zbekiston joy nomlarining izohli lug‘ati”  yaratilmoqda. Bu kitobda joy nomlarini tanlashda nimalarga e’tibor qaratilishi, ba’zi atamalarning ma’nosi sodda va tushunarli tarzda ifodalangan. Ushbu nashr ham keng jamoatchilik uchun muhim ijodiy manbaga aylanadi.

Tadbir ishtirokchilari davlat tilida ish yuritish va lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga oid savollarga ham tegishli javoblarni oldi.


G.Sattorova, O‘zA