Qoraqalpog‘iston Respublikasi Taxtako‘pir, Qorao‘zak va Chimboy tumanlarida Xalq deputatlari mahalliy Kengashlari deputatlari, kotibiyat mudirlari, fuqarolar yig‘inlari raislarining bilimlarini oshirishga bag‘ishlangan o‘quv-seminarlar tashkil qilindi.

Tadbirda Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi  Mahalla  va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirligi hamda tumanlar Adliya bo‘limlari  mas’ul xodimlari ishtirok etdi.

Seminarda davlatimiz rahbarining Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasi mazmun-mohiyatini tushuntirish, deputatlarning qonuniy huquqi va majburiyati to‘g‘risida, ommaviy axborot vositalari bilan ishlash usullari, “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida”gi  Qoraqalpog‘iston Respublikasi qonuni, fuqarolar yig‘inlarining boshqaruv tartibi va hujjatlar bilan ishlashni yo‘lga qo‘yish, fuqarolar yig‘inlari raislarining jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlari bilan ishlash tartibi tushuntirildi.

Bunda asosan, Murojaatnomada ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha  belgilab berilgan vazifalar, deputatlar faoliyatini yanada jonlantirish, ayniqsa saylovchilar bilan uchrashuvlarda ko‘tarilgan muammolarga yechim topish va uni bartaraf etishdagi amaliy ishlarini ommaviy axborot vositalarida muntazam, tezkor yoritib borish yuzasidan so‘z yuritildi. Jumladan, bosma nashrlarida maqola berishda nimalarga e’tibor qaratish kerakligi, televideniye va  radioda intervyu berishning o‘ziga xos jihatlari,  deputatlarning  ijtimoiy tarmoqlarda o‘z sahifasini yuritib borishi va ularga ma’lumotlarni joylashtirib borish bo‘yicha ma’lumot berildi.

Seminar davomida tuman kengashlari deputatlari, kotibiyat mudirlari va fuqarolar yig‘inlari raislarining mas’uliyatini yanada oshirish, ish faoliyatini takomillashtirish yuzasidan vazifalar belgilab olindi.

Mazkur mavzudagi  o‘quv-seminarlari Orolbo‘yining barcha shahar va tumanlarida bo‘lib o‘tmoqda.


Dovud Abibullayev, O‘zA