“Nuroniy” jamg‘armasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limi mablag‘i evaziga Amudaryo tumanida ijtimoiy himoyaga muhtoj 66 ta oilada yashovchi nuroniylarga 10 tonna ko‘mir bepul tarqatildi.

– Respublika hududida ob-havo haroratining keskin tushishi va tabiiy gaz bosimining pasayib ketishi natijasida yanvar oyi aholiga birmuncha qiyinchiliklar tug‘dirdi, – deydi Amudaryo tuman Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash bo‘limi boshlig‘i maslahatchisi Bahodir Boltaboyev. – Shu munosabat bilan, Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash bo‘limi tomonidan tuman markazidan chekka hududlarda yashayotgan yakka-yolg‘iz, kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muxtoj oilalarda yashovchi nuroniylarning ko‘mirga bo‘lgan ehtiyoji o‘rganib chiqildi.

O‘rganishlar natijasida “Ko‘mir ta’minot” mas’uliyati cheklangan jamiyati Qoraqalpog‘iston Respublikasi filiali tomonidan tumanga 10 tonna ko‘mir mahsuloti olib kelindi. Joriy yil  25-27 yanvar kunlari 66 ta ijtimoiy himoyaga muhtoj oilada yashovchi nuroniylarga bepul tarqatildi.

Shuningdek, tumandagi “To‘lqin” ovulida yashovchi, 1948 yil tug‘ilgan Jumaboy Tilovboyevning nogironlar aravachasiga muhtojligi aniqlanib, “Nuroniy” jamg‘armasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limining amaliy ko‘magi bilan aravacha olib kelindi hamda shu kuni egasiga topshirildi.


Dovud Abibullayev, O‘zA