Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi tomonidan aliment undirish bilan bog‘liq ijro hujjatlari bajarilishiga e’tibor qaratilmoqda.

– O‘tgan yillar mobaynida shahar va tuman bo‘limlariga aliment bilan bog‘liq 17 ming 880 ta ijro hujjati kelib tushgan bo‘lib, shundan 5 mingta hujjatning ijrosi amalda ta’minlangan, – deydi  byuroning Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi katta inspektori Alibek Quanishov. – bugungi kunda jami 12 mingdan ziyod aliment undirish bilan bog‘liq ijro hujjati bo‘yicha majburiy ijro harakati amalga oshirilib, aliment oluvchilarning nomiga “Aloqabank”dan ochilgan mahsus plastik kartalariga undirib berilmoqda. Ayrim shaxslarning aliment to‘lashga e’tiborsizligi yoki ishsizligi, daromad topishga intilmasligi ijro hujjatlarining bajarilishiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Shuning uchun ham byuro xodimlari faqat aliment to‘lovini majburiy undirishga emas, balki qarzdorlarni ish bilan ta’minlash uchun sharoit yaratishga harakat qilmoqda. Jumladan, ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida o‘tgan yili 2 ming 115 nafar aliment to‘lovchi doimiy ish bilan ta’minlangan bo‘lsa, 3 ming 78 oilani yarashtirishga erishildi. Aliment to‘lashdan bosh tortgan 400 nafardan ziyod qarzdor, davlat ijrochilari talabini bajarmasdan qarshilik ko‘rsatgan 629 nafar fuqaro ma’muriy javobgarlikka tortildi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokuraturasi, Majburiy ijro byurosi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi hamda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi tomonidan tasdiqlangan reja asosida barcha shahar va tumanlarda mehnat yarmarkasi tashkil etilmoqda.

Dovud Abibullayev, O‘zA