Immigrantlarning, shu jumladan, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII) fuqarolari uchun ham Qozog‘istonga kirishi va mamlakatda bo‘lishining yangilangan qoidalari, bugun, 27 yanvardan kuchga kirdi. Migratsiya qonunchiligiga tegishli o‘zgarishlar 17 yanvarda respublika hukumati tomonidan tasdiqlangan edi, deb xabar berdi Vazirlar Mahkamasi matbuot xizmati.
Qozog‘istonga vizasiz tartibda kelgan chet ellik fuqarolar uchun ruxsat etilgan mamlakatda bo‘lish muddati davlat chegarasini kesib o‘tgan kundan boshlab 30 taqvim kundan keyin tugaydi. Bunda 180 kun ichida respublikada bo‘lish jami 90 kalendar kunidan o‘tib ketmasligi kerak.
Shu bilan birga, YeOIIga a’zo davlatlar fuqarolari Qozog‘iston chegarasini kesib o‘tgach, 90 kun davomida respublikada emin-erkin yura oladilar.
Ilgari vizasiz respublikaga kelgan chet elliklar va YeOII fuqarolari uchun Qozog‘iston davlat chegarasini kesib o‘tgan kundan boshlab 180 kunlik cheklov yo‘q edi. Respublikada bo‘lish muddati tugagach, xorijliklar mamlakatdan chiqib ketishlari va keyin bemalol qayta kirib chiqishlari mumkin edi.
Mazkur o‘zgarishlar viza bilan mamlakatga kirgan chet elliklar va davlatda vaqtinchalik bo‘lishiga ruxsat berilganlarga nisbatan qo‘llanilmaydi.
Qozog‘iston Ichki ishlar vazirligi shunga o‘xshash talablar xalqaro amaliyotda ham qo‘llanilayotganini qayd etdi. Xususan, ular Belarus, Rossiya, Gruziya va Ukrainadagi qozoq fuqarolariga tegishli ekani aytib o‘tildi.
Vazirlik, shuningdek, Qozog‘istonga kelgan chet elliklar mazkur o‘zgarishlarga amal qilmagan holda respublika Chegara xizmati ularni mamlakatga kirishini cheklashi mumkinligi to‘g‘risida ogohlantirdi.
O‘zA